Poytaxtda yashovchi 70 yoshli Tamara T.ning ahvoli og‘irligi sababli, bu holatga befarq bo‘la olmagan fuqaroning “Ne molchi.uz” loyihasi rahbariga qilgan murojaati Toshkent shahar IIBBga kelib tushdi.
Tamara T. Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi mahallada nabirasi bilan yashaydi. Uning yashash sharoiti og‘irligiga guvoh bo‘lganlar hamda yordam ko‘rsatgan ko‘ngillilarning aytishlaricha, Tamaraning nabirasi spirtli ichimliklar iste’mol qilib, buvisini parvarish qilmas ekan.
Mirzo-Ulug‘bek tumani IIO FMB 3-son ichki ishlar bo‘limi xodimlari Tamara yashaydigan uyda bo‘lishdi. Haqiqatan ham unda salomatligi bilan bog‘liq muammolar bor: yuzada chuqur yara, ko‘rish qobiliyati yomonlashgan va tibbiy yordamga juda muhtoj. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar “tez yordam” chaqirib, Tamara T.ni Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markaziga joylashtirishda yordam berdilar.
Bundan tashqari, uning eski pasportini yangi nusxadagi biometrik pasportga almashtirish masalasi hal qilinmoqda. Buning uchun xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatiga murojat qilib, Tamara T.ga yordam berishlarini iltimos qilishdi.
