Joriy yilning 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi IIVning giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish yo‘nalishida tashkil etilgan “@stopnarko_bot” Telegram kanaliga anonim foydalanuvchidan 2 nafar noma’lum shaxs tomonidan Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini reklama ko‘rinishidagi graffitlarni ko‘p qavatli uylarning devorlarga yozish bilan shug‘ullanayotganligi to‘g‘risida foto va videotasvirlar kelib tushdi.
Xabar yuzasidan vazirlik jinoyat qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida:
- Mirzo Ulug‘bek tumani TTZ-4 mavzesidagi 6, 7, 8, 9, 10-ko‘p qavatli uylarning devorlarida 25 ta;
- Yashnobod tumani “Aviasozlar” (eski “Kadisheva”) dehqon bozoriga kirish joyi yonidagi ko‘p qavatli uylarning devorlarida 15 ta;
- Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi “Qo‘yliq” qurilish mollari bozori ro‘parasidagi 9 qavatli uylarning devorlarida 22 ta, jami 62 ta bir xil turdagi giyohvandlik moddalarini sotuvchi internet do‘konlarini targ‘ib qiluvchi graffitilar yozib ketilganligi aniqlandi.
Bu turdagi huquqbuzarlikni sodir etayotgan shaxslarni aniqlash va ushlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, 26 avgust kuni, ishsizlar, Yashnobod tumani Lisunova-1 mavzesida yashovchi, 2001 y.t. Mironova Anastasiya Sergeevna, Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida yashovchi, 1996 y.t. Savenkov Vladislav Maksimovich hamda ularning jinoiy sherigi Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida yashovchi, Chilonzor tumanida joylashgan spirtli ichimliklar do‘koni sotuvchisi, 1993 y.t. Salyukov Dmitriy Ravilyevich qo‘lga olinganlar.
Hozirda mazkur jinoiy guruhning qolgan a’zolarini hamda ularni moliyalashtirgan rahnamolarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.