Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkentda ayol qarz evaziga boshqa bir ayolni fohishalikka majburladi

Toshkentda ayol qarz evaziga boshqa bir ayolni fohishalikka majburladi

Oramizdagi ayrim kimsalar, ayniqsa ayollar yengil pul topish ilinjida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash kabi jirkanch ishni o‘zlariga kasb qilib olib, shuning ortidan tirikchilik qilishni, yanada achinarlisi, oila tebratishni o‘zlariga ep ko‘rishmoqda. Ammo harom topilgan pul bir kun kelib, teshib chiqadi.

Ariza yozishga majbur bo‘ldi

Fuqaro Madina To‘xtasinova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Yashnobod tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, tanishi Zamira Raximova unga qarzga pul berib, ushbu berilgan qarz pul mablag‘larini foxishalik qilish yo‘li bilan qaytarib berishga majbur qilayotganini, uni majburlab moddiy manfaat ko‘rib kelayotganligini ma’lum qilib, unga nisbatan chora ko‘rishlikni so‘ragan. Toshkent shahar Yashnobod tumani IIO FMB 6-sonli IIB tomonidan, shu kuniyoq poytaxt kafelaridan birining oldida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro Zafar Axmedov Zamira Rahimovaning oldiga borib, unga “fohishalik bilan shug‘ullanuvchi qizlaringiz bormi?” deb so‘raydi. Zamira Raximova unga qiz borligini ma’lum qilib, qarzi evaziga fohishalikka majbur qilib kelayotgan Madina To‘xtasinovani ko‘rsatadi. Jinsiy aloqa qilishi evaziga 150.000 so‘m pullarni olayotgan vaqtida, xolislar ishtirokida tezkor guruh tomonidan qo‘lga olinadi.

“Ilgari fohishalik bilan shug‘ullanganman”

Sud majlisida sudlanuvchi Zamira Rahimova e’lon qilingan aybga qisman iqrorligini bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

— Madina To‘xtasinovani 2019 yilning avgust oyidan buyon taniyman. Madina onasi kasal bo‘lib qolganligi sababli dori sotib olish uchun sentyabr oyida mendan 19 million so‘m miqdorida qarz oldi. Ushbu olgan pullarini oktyabr oyining oxiriga qadar 23 million so‘m qilib qaytardi. Uning ichida ikki million so‘mlik televizor ham bor edi. O‘zim 2011 yildan buyon Yashnobod tumanidagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan o‘tgan ko‘prik yonida fohishalik bilan shug‘ullanib kelganman. Yoshim o‘tib qolganligi sababli so‘nggi paytlarda bu ish bilan shug‘ullanmay qo‘ydim. Bir kuni kafelardan biri yonida o‘tirganimda oldimga keyinchalik ismini bilganim Zafar Axmedov keldi. Men undan “Qiz kerakmi?” deb so‘radim. U “Ha, kerak” dedi. “Men to‘g‘ri kelamanmi?” deb so‘ragandim, “Yo‘q” dedi. Shundan keyin unga Madina To‘xtasinovani ko‘rsatdim. Ular o‘zaro kelishib, men 150 ming so‘m pulni olayotganimda ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindim.

“Ko‘prikdan o‘zimni tashladim”

Sud majlisida jabrlanuvchi Madina To‘xtasinova quyidagicha ko‘rgazma berdi:

— Men rostdan ham Zamira Rahimovadan 19 million so‘m miqdorida pul qarz olgandim. Unga qarz olganim haqida tilxat ham yozib berdim. Shundan keyin u menga birga ishlashni, agar hamkorlik qilsak, ko‘proq pul topishimiz mumkinligini, qarzimdan tezroq qutulishimni, mijozni o‘zi topishini aytdi. Men uning taklifiga rozi bo‘lib, birgalikda ishlay boshladik. Shu tarzda asta-asta undan olgan qarzimni uza boshladim. U bir kuni cho‘ntagimda turgan pasportimni zo‘rlik bilan olib qo‘ydi. “Nega bunday qildingiz?” deb so‘rasam, “Qachon qarzlaringni to‘liq bersang, shunda pasportingni qaytaraman”, dedi. Har kungi tinimsiz jinsiy aloqa va to‘xtovsiz Zamira Rahimovaga pul berishdan charchaganim, bu muammolardan qutulish uchun o‘zimni osmoqchi bo‘ldim. Ammo singlim ko‘rib qolib, meni bu yo‘ldan qaytardi. Zamira Rahimova tinimsiz pulini qaytarishimni so‘rab, do‘q-po‘pisa qilaverdi, ammo menda qarzimni qaytarish imkoni yo‘q edi. U ustimdan ichki ishlar idorasiga shikoyat qilishini, mahalla-ko‘y oldida sharmanda qilishini aytdi. Uning bunday “shantaj”laridan keyin qo‘rqqanimdan kasal ahvolimda turli erkaklar bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majbur bo‘ldim. Bunday azoblarga chidashga kuchim qolmagani uchun “Qo‘yliq” bozorida joylashgan ko‘prik ustidan sakrab, o‘z jonimga qasd qilmoqchi bo‘ldim. Biroq sakrayotganimda o‘ng oyog‘im ochiq oraliqqa qisilib qolib, pastga tushmay, osilib qoldim. Odamlar meni qutqarib olishdi. Tibbiyot xodimlari birinchi yordam ko‘rsatishdi, so‘ng Yashnobod tumani IIO FMB 6-sonli IIBga olib kelindim. Men bo‘lib o‘tgan voqealarni IIB xodimlariga gapirib berdim, Zamira Rahimovaga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ariza yozdim. Shundan keyin Zamira Rahimovani qo‘lga olish rejasi tuzilib, u jinoyat ustida ushlandi.

Hukm o‘qildi

Sudlanuvchi Zamira Rahimova Jinoyat kodeksi 135-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Anvar Ikromov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi,

Lola Shoimova, jurnalist

Kiritildi: 12:12 12.07.2021. O'qildi: 3676 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!