U korxona hududida texnik talablarga rioya qilmaganligi uchun muhandis bilan janjallashgan.
Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Avtobuslar saroyi"dan birida haydovchi bo‘lib ishlovchi erkak kaltaklangani aytilmoqda. Bu haqda uning ayoli "Millar"ga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu holat joriy yilning 12 iyul kuni sodir bo‘lgan.
Jabrlanuvchining ayoli esa voqeani quyidagicha izohladi:
"Hozir ahvoli yaxshi, shifoxonada yotibdilar. Operasiya qilindi. Hattoki itga ham bunday muomalada bo‘lmaydi. Xo‘p, yoqmasa garajdan bo‘shatib yuborgin, demaydimi? Mening ham 3 ta bolam bor. Hech kim bolalarim haqida so‘ragani yo‘q. Ular shunaqa do‘pposlagan-ki, yiqilgan holatida ham yana urgan".
4-avtobus saroyi huquqshunosi esa haydovchining korxona hududiga o‘zining shaxsiy masalasi yuzasidan ichki tartib qoidalariga rioya qilmagan holda kelganligini ma’lum qildi.
"Texnik muhandisimiz u bilan suhbatlashayotganda o‘zaro janjallashib, haqoratlagan. Haydovchimiz muhandisimizni shaxsiy transport vositasiga o‘tkazib, korxona hududidan tashqariga olib, chiqib ketgan. U yerda nima bo‘lgani bizga noma’lum. Ma’lum vaqtdan so‘ng qaytib kelib, haydovchimizning akasi va ularning bir nechta tanishlari mast holatda kelib, muhandisimizni ham haqoratlagan".
Ta’kidlanishicha, muhandisning ham janjal oqibatida tishi va burni singan.
Haydovchining ayoli esa turmush o‘rtog‘i o‘sha kuni ichmaganligini, rahbariyat kameradagi yozuvlarni ko‘rsatmaganligini va kaltaklashni o‘rniga ogohlantirib, oyligidan olib qolishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Fuqaroga yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.