Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni bugungi maktab ostonasidan boshlanadi. Farzandlarimizning dunyo miqyosida raqobatbardosh hamda xalqaro miqyosda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi bevosita aniq va tabiiy fanlarni puxta o‘zlashtirishi bilan bog‘liq. Bu esa ta’lim tizimida mazkur fanlarni o‘qitish sifati va samaradorligini ta’minlashni talab etadi. Shuningdek, Respublikamizda so‘nggi yillarda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsadida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jamiyatning maktab ta’limiga bo‘lgan munosabatlarini ijobiy tomonga keskin o‘zgartirib yubordi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvarda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonda ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida joriy yilda qator muhim choralar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 231-son qarori, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 7-avgustdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida”gi 246-son buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 30-may kuni Toshkent shahridagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘magida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro anjumanni, hech shubhasiz, mamlakatimiz ta’lim sohasidagi muhim voqea desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur anjuman aniq va tabiiy fanlar ta’limi sohasida mavjud muammolarni tahlil qilish, ularni hal etishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va innovasion metodlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish yo‘llarini aniqlashga qaratilgan. Tadbir, shuningdek, turli mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy asoslangan strategiyalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishni ko‘zda tutadi.
Anjumanda quyidagi yo‘nalishlarda sho‘balar faoliyat olib bordi:
1. Xorijiy tajriba asosida o‘qitish metodikasi (TIMSS, PISA, PIRLS baholash dasturlari doirasida);
2. Fanlarni o‘qitish samaradorligini oshirishga doir dolzarb masalalar;
3. Ilmiy-nazariy asoslar orqali ta’lim sifatini oshirish;
4. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning ta’limdagi roli;
5. O‘qituvchilarning kasbiy kompetentligini rivojlantirishning pedagogik va
psixologik asoslari.
Anjumanda O‘zbekiston, MDH davlatlari hamda boshqa xorijiy mamlakatlardan 200 dan ortiq ilmiy maqola taqdim etildi. Shundan 150 ta maqola ilmiy kengash tomonidan tanlab olindi, 25 ta xorijiy maqola qabul qilindi va 20 nafar xorijiy olim o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, 300 dan ortiq mahalliy professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va talabalar anjumanda faol qatnashdi.
Maqolalar sifati va mavzular dolzarbligi bo‘yicha maxsus ilmiy hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Ilmiy sessiyalar davomida maqolalar atroflicha muhokama qilindi. Tanlangan maqolalar Polshaning Index Copernicus, Yevropaning Zenodo va OpenAIRE platformalarida chop etilishi, shuningdek, ilmiyanjumanlar.uz portalida e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Barcha maqolalar Google Scholar tizimi orqali indekslanadi, bu esa ularning xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinishiga xizmat qiladi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman aniq va tabiiy fanlar o‘qitilishida zamonaviy, innovasion yondashuvlarni joriy etish, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ta’lim sifatini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Anjumanda bildirilgan taklif va tavsiyalar, taqdim etilgan maqolalar hamda o‘zaro fikr almashuvlar asosida ishlab chiqilgan ilmiy yondashuvlar mamlakatimizda raqobatbardosh, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash jarayonini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.