Toshkent markazida sobiq turmush o‘rtog‘i va yana uch kishini qasddan urib ketgan 27 yoshli erkakka nisbatan bezorilik hamda qasddan odam o‘ldirishga urinish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.
IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, 01N014FC davlat raqamli Tracker avtomobilini B.R. (to‘liq ismi keltirilmagan) boshqargan. Jinoyat 26 mart kuni tush paytida Niyozbek yo‘li ko‘chasida kelib chiqqan janjaldan so‘ng sodir etilgan. Kuzatuv kameralaridagi tasvirlarda voqeadan avval boshqa odamlar ko‘z o‘ngida ikki erkak mushtlashayotganini ko‘rish mumkin.
Ko‘chada ketayotgan odamlar mashina zarbasidan uchib ketgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, erkakning sobiq turmush o‘rtog‘i va uning tanishi yengil tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
IIBB videotasvirlarida avtomobilning kapoti pachoqlangani, old oynasi singani va qon izlari borligi ko‘rinadi.
Yunusobod tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddalari (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 277-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Toshkent shahri IIBB YHXB tomonidan har tomonlama va xolis tergov o‘tkazish hamda qonuniy qaror qabul qilish va’da qilindi. Jinoyat ishi IIV, IIBB va prokuratura rahbariyati nazoratiga olingan.