Parkent tumanida yashovchi 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Z.Qosimova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nomiga pochtadan xat keladi. Tabiiyki, u xatni ochib o‘qiydi. “O‘zsanoatqurilishbank” amaliyot boshqarmasi tomonidan jo‘natilgan ogohlantirish xatida kredit shartnomasi asosisda 15 million 609 ming so‘m pul mablag‘i ajratilganligi, biroq ushbu kredit qarzdorligi so‘ndirilmaganligi sababli to‘lashilozimligi yozilgan edi. O‘qiuvchi hayron bo‘ldi. Ehtimol, adashib jo‘natishgandir, o‘yladi u. Oradan ma’lum muddat o‘tgach, shunday “maktub” yana keldi. Z.Qosimova masalaga oydinlik kiritish maqsadida yo‘lga chiqadi. Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan “O‘zsanoatqurilishbank” amaliyot boshqarmasiga boradi. Bank xodimlariga xatni ko‘rsatadi.
— Opa, sizning nomingizga onlayn kredit olingan. Kredit summasi plastik kartangizga tashlab berilgan.
— Bo‘lishi mumkin emas, - dedi Z.Qosimova jahli chiqib, - Men hech qachon kredit olmaganman. Bankka ham kelgan emasman.
— Agar siz kredit olmagan bo‘lsangiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Shundan so‘ng, Z.Qosimova Toshkent shahar prokuraturasiga ariza yozadi.
Z.Qosimovaga o‘xshash “maktub” olganlar soni ancha ko‘p ekan. Birining nomiga 19 million 500 ming so‘m, ikkinchisining nomiga 29 million 319 ming so‘m, uchinchisining nomiga 12 million 996 ming so‘m, xullas, jami 178 million 73 ming so‘m qalbaki hujjatlar asosida onlayn kreditlar olingan.
Tekshirishlarda aniqlandiki, Parkent tumanida yashovchi E.Yusupov “Javohir Hurshidbek” va “Eco markaz shop” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi va rahbari lavozimida ishlab kelib, g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan o‘zgalarning pasport nusxalaridan foydalanib rejasini amalga oshirgan. 36 nafar fuqaroni MCHJning ishchi-xodimlari ekanligi to‘g‘risida hujjatni qalbakilashtirib, bankka taqdim etib, plastik kartalarni rasmiylashtiradi.
Endigina 30 yoshga kirgan bu yigitning qilmishlari surishtiruv va tergov jarayonida fosh etildi.
Sud unga jazo tayinlashda yetkazilgan zarar qoplanganligini inobatga olib, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima hamda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil axloq tuzatish ishi jazosi tayinladi.
Zavqiddin Yarashev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi sudyasi