Toshkentdagi dehqon bozorlari 2022 yilgi moliyaviy hisobotlarini e’lon qildi. “Daryo” ular bilan tanishib chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilda Toshkentdagi dehqon bozorlari orasida eng ko‘p sof foydani xalq orasida “Gospitalniy” nomi bilan tanilgan “Mirobod” bozori olgan — 1,7 mlrd so‘m.
2021 yilgi moliyaviy natijalarga ko‘ra, eng ko‘p foyda olgan bozor 4,2 mlrd so‘m bilan “Aviasozlar” (xalq orasida “Kadisheva” deb ataladi) bozori edi.
Biroq 2022 yilda bozorning sof foydasi keskin tushib ketdi va 1,6 mlrd so‘m bo‘ldi.
“Yunusobod” dehqon bozori 2022 yil bo‘yicha moliyaviy hisobotni hozircha e’lon qilmagan. 2022 yilning uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha bozor 1,5 mlrd so‘m foyda ko‘rgan.
To‘liq hisobot e’lon qilinsa, “Yunusobod” bozori “Mirobod” bozorini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.
Shuningdek, 2022 yilda “Qo‘yliq” dehqon bozori 1,1 mlrd so‘m, “Chorsu” (Eski jo‘va) bozori 1 mlrd so‘m, “Farhod” bozori 947 mln so‘m, “Oloy” bozori 285 mln so‘m sof foyda olgan.
“Askiya” bozori esa butun 2022 yil davomida 5,1 mln so‘m sof foyda olgan, xolos. Bozor foydasi 2021 yilda 174 mln so‘m edi.
“Parkent” bozori ham 2022 yil bo‘yicha to‘liq moliyaviy hisobotni e’lon qilmagan va uchinchi chorak yakuni bo‘yicha 52 mln so‘m foyda olgan.
Toshkent dehqon bozorlarining umumiy foydasi 2022 yilda 2021 yilga qaraganda keskin kamaygan.
2021 yilda foyda bo‘yicha yuqori uchlikda bo‘lgan bozorlarning foydasi 10,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 2022 yilga kelib xuddi shu bozorlarning foydasi 4,4 mlrd so‘m bo‘ldi.
Toshkentdagi dehqon bozorlari orasida faqat “Farhod” va “Oloy” bozorlari 2021 yilga nisbatan ko‘proq foyda olgan.