Bugun 4 aprel, 2026 yil, shanba

КИР

Toshkent yuqori texnologiyalar rivojlangan yirik xalqaro markazga aylanadi

A A A
Toshkent yuqori texnologiyalar rivojlangan yirik xalqaro markazga aylanadi

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan maqsad hayotimiz obodligi, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini ta’minlashdan iborat. Bu tibbiyot tizimidagi izchil o‘zgarishlarda ham aks etmoqda. Aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar natijasida mamlakatimizda o‘rtacha umr ko‘rish 1990 yildagi 67 yoshdan 2017 yilda 74 yoshni tashkil etdi.

Xalqimizga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda xususiy sektorning ulushi ortmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 apreldagi Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida xususiy tibbiyot muassasalari qurish va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2018 yilda mamlakatimizda 400 dan ziyod, jumladan, Toshkent shahrida 115 ta xususiy klinika tashkil etildi.

Prezidentimiz ana shunday muassasalardan biri, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi DMS xususiy innovasion klinikasiga tashrif buyurdi.

To‘rt qavatli ushbu shifo maskani xavfsizlik, energiya tejamkorlik va mijozlar ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘p tarmoqli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng zamonaviy talablarni hisobga olib qurilgan. Klinika fasadi Germaniyaning innovasion texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan issiqlik va ovoz qaytaruvchi izolyasiya materiallari bilan qoplangan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Zulfiya Maqsudova rahbarlik qilayotgan klinika Rossiya, AQSH, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlarning barchasi xorijdagi yetakchi klinika va tibbiyot markazlarida malaka oshirgan.

Joriy yil aprel oyida faoliyat boshlagan innovasion klinikada oftalmologiya, neyrojarrohlik, ortopediya, plastik jarrohlik, kardiologiya, LOR, pediatriya, reabilitasiya, fizioterapiya kabi o‘n beshdan ortiq ixtisoslik bo‘yicha tashxislash va davolash yo‘lga qo‘yilgan. Zamonaviy laboratoriya diagnostikasi bilan ta’minlangan.

Birinchi qavatda bemorlar tashxisdan o‘tkazilib, mutaxassislar maslahatini oladi. Ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Viloyatlar va qo‘shni mamlakatlardan kelgan bemorlar yotib davolanadi. Kompyuterli bioboshqaruv xonasida medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish mumkin.

Klinikada to‘r parda kasalliklari va patologik holatlarni kontrast vositalarsiz tashxislash imkonini beradigan Topcon tamograf-angiografi, mikroinvaziv operasiyalar o‘tkazish uchun Constellation Vision System apparati o‘rnatilgan. Bundan tashqari, so‘nggi avlod artroskopi yordamida kam invazivli davolash diagnostik amaliyotlari bajariladi. Bo‘g‘imlarda endoprotezlash amaliyotlari, jarohatlar va operasiyalardan keyingi kompleks reabilitasiya xizmatlari ko‘rsatiladi.

Davlatimiz rahbari innovasion klinikadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash, davolash va sifatga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat bo‘lishi kerak. Raqobat bor joyda sifatga intilish bo‘ladi, davolash, xizmat ko‘rsatish yaxshilanadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘z mikrojarrohligi bo‘yicha innovasion o‘quv-simulyasiya markazini tashkil etish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Ushbu markazda ko‘z mikrojarrohligi mutaxassislarini tayyorlashning jahon standartlariga mos innovasion uslubi tatbiq etiladi.

Davlatimiz rahbari loyihani ma’qullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simulyasiya markazlarini tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Steel property construction MCHJ qo‘shma korxonasi hududidagi ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘zdan kechirdi.

Yashnobod tumanidagi sobiq aviasiya zavodiga qarashli foydalanilmay yotgan binolarda ish boshlagan ushbu MCHJ hududida qator korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda xorijdan texnologiyalar keltirilib, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Qariyb 20 gektarlik hududda marmar plitalar, issiqxona jihozlari, metall konstruksiyalar, eshiklar, quvurlar, po‘latdan tayyorlangan isitish radiatorlari, sendvich panellar ishlab chiqarilmoqda.

Masalan, Dacros korxonasi Yevropa texnologiyasi asosida temir eshiklar tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu eshiklar ko‘p qavatli turar joylar yo‘laklari, namunaviy uylarga o‘rnatilmoqda.

Yana bir binoda Niderlandiya texnologiyasi asosida turli o‘lchamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarish tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 24 ming tonna metall mahsulotlar bilan birga, sendvich panellar, bruschatkalar, yo‘l cheti to‘siqlari, isitish radiatorlari tayyorlanadi. Ichki bozordan tashqari qo‘shni mamlakatlar mahsulotning asosiy bozori hisoblanadi.

Midas agrotech korxonasida zamonaviy issiqxona majmualari uchun konstruksiyalar, shuningdek, quyosh nuridan himoyalovchi to‘rlar, plastik yashiklar, polietilen plyonka kabilar ishlab chiqariladi.

Bektemir metall konstruksiyalari korxonasida yo‘l to‘siqlari, yoritish ustunlari, qurilish konstruksiyalari, elektr payvandlangan quvurlar tayyorlanadi.

Davlatimiz rahbari mazkur sexlardagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi. Mahsulotlar sifati va bozori bilan qiziqdi.

Bektemir tumanidagi Binokor mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.

Prezidentimiz mazkur korxonada ishlab chiqarilgan temir-beton panellardan namuna sifatida qurilgan xonalarga kirib ko‘rdi. Ko‘p qavatli uylarni tez muddatlarda qurish, aholini uy-joy bilan ta’minlash uchun bunday korxonalar juda zarurligini ta’kidladi. Shu yo‘nalishga ixtisoslashgan korxonalarni ko‘paytirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri iqtisodiyotiga xorijiy investisiyalarni jalb etish, yangi korxonalar tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

2019 yilda poytaxtimizga kamida 2 milliard 700 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya kiritilishi mo‘ljallanmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobiga 227 ta loyiha amalga oshirilib, tumanlar kesimida 28 mingdan ziyod qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etiladi. Natijada sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlari ta’minlanadi, byudjetga soliq tushumlari yanada ko‘paytiriladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyati milliy banki, Asakabank , O‘zsanoatqurilishbank negizida tashkil etiladigan Investor markazlari da tadbirkor va sarmoyadorlarga kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.

Germaniyaning VERIDOS kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxonada plastik kartochkalar, ID karta va chiplar, Best stainless stell Co.ltd korxonasi tomonidan nikel metall mahsulotlari, Real House kompaniyasi tomonidan ko‘p tarmoqli shifoxona, logistika markazi, shuningdek, beton mahsulotlari, mebel, mato va sochiqlar ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari kiritiladigan investisiyalarni kafolatlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, poytaxtimizda yangi investisiyaviy muhit yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.

Prezidentimiz Chilonzor tumani Bog‘iston ko‘chasida bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda 9 qavatli 23 ta uy qurilib, kelasi yil foydalanishga topshiriladi.

Sir emas, mamlakatimizda uy-joylar qurilishi deyarli to‘xtab qolgandi. Atigi uch-to‘rt yil oldin ham nafaqat poytaxtimizda, viloyat, tuman va shahar markazlarida, olis qishloqlarda arzon uy-joylar qurilishini hech kim tasavvur qilolmas edi.

Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq ana shu og‘riqli, hayotiy dolzarb muammoni hal qilishga kirishdi.

2017 yildan ilk marotaba aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlandi. Shu yilning o‘zida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana shunday uy-joylar foydalanishga topshirildi. Aholining arzon uylarga talabini qondirish uchun joriy yilda birgina qishloq joylarning o‘zida 3 mingdan ziyod yoki o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p arzon namunali uy-joy qurildi. Bu jarayon izchil davom etadi.

Bog‘istonda qurilishi boshlangan ko‘p qavatli uylar ham milliy mentalitetimizga xos zamonaviy qurilish andozalari asosida qad rostlaydi. Turar joylar zilzilabardoshligi, nogironlar uchun qo‘shimcha qulayliklarga egaligi bilan ajralib turadi. Hovlisida bolalar maydonchalari, avtoturargoh, savdo markazi bo‘ladi.

Prezidentimiz yangi uylar poytaxtimizdagi eng namunali yashash manzillaridan biriga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Shu yerda Toshkent shahrida kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, kanallarni ta’mirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish, yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi bo‘yicha loyihalar namoyish etildi. 2019 yilda Salor, Damashi, Qorasuv, Bektemir, Bo‘zsuv, Jo‘n, Bo‘rijar kabi kanallar ta’mirlanib, atrofi obodonlashtiriladi.

Kanallar atrofida, odamlar dam oladigan, bolalar cho‘miladigan obod va xavfsiz hududlar tashkil etish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz chiqindilarni saralash va qayta ishlash, issiqlik manbai bo‘yicha yopiq suv ta’minoti tizimi loyihalarini tezlashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Bugun Sergeli tumanida qurilish kranlari shunchalik ko‘pki, xuddi daraxtzorga o‘xshaydi. Bu bunyodkorlik ishlari ko‘lamidan, shiddatidan. Jumladan, Choshtepa mahallasi hududida 3 ming 696 xonadonli 66 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari yangi uy-joylarni borib ko‘rdi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyul oyida ushbu mahallaga tashrif buyurib, qurilish jarayoni bilan tanishgan, mutasaddilarga bunyodkorlik ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Atigi besh oyda bu yerda ulkan mavze qad ko‘tardi. 1 ming 176 xonadonga mo‘ljallangan 21 ta uy barpo etildi. Boshqa uylar qurilishi davom etmoqda.

Ahamiyatli tomoni, Turkiyaning innovasion texnologiyalari asosida binoning tashqi devorlari energiya tejamkor materiallar bilan qoplangan. Bu uylarning qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi.

Prezidentimiz ushbu uylardan birini kirib ko‘rdi. Qurilish sohasida yangi tizim yaratilganini, bu aholini uyli qilish bilan birga ko‘plab ish o‘rinlari ham ochayotganini ta’kidladi.

Mavzeda mahalla guzari ham bunyod etilgan bo‘lib, unda mahalla raisi va maslahatchilari xonalari, uy-joy mulkdorlari shirkati, profilaktika inspektori xonasi, kutubxona faoliyat yuritadi.

Shavkat Mirziyoyev tuman hududidagi yana bir mavzeda bo‘ldi. Bu yerda ham ko‘p qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda.

Davlatimiz rahbari milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimizning islom rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shunday tashabbuslardan biri Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik nomli rezolyusiya qabul qilish taklifi BMT Bosh Assambleyasining 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jahonda tan olinayotganidan, yurtimizning ushbu masalalarda boy tarix va katta tajribaga ega ekanidan dalolat beradi.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizasiyasi markazi davlatimiz rahbarining ayni sohasidagi ezgu tashabbuslaridan biridir.

Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 iyun kuni ushbu markaz qurilishiga tashrif buyurib, inshoot poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi kunda bino konstruksiyalari qad ko‘tarib, qurilish ishlari jadal davom etmoqda.

Uch qavatli markaz qadimiy madrasalarimiz uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qur’oni qo‘yiladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va ko‘rgazma zallari bo‘ladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni o‘z ichiga oladi.

Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishdi. Ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta’kidladi.

Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviy ozuqa olib ketishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Toshkent shahrida 2017 yili yalpi hududiy mahsulot 5 foizga o‘sgani qayd qilindi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 8,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuni bo‘yicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 9,2 foiz, qurilish ishlari 11,6 foiz, xizmat ko‘rsatish 10,5 foiz o‘sadi. Bu mamlakatimiz bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Toshkent shahrini yirik ishbilarmonlik va moliya markaziga aylantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi globallashuv davrida iqtisodiyotga investisiyalarni faol jalb etib, biznes uchun qulay sharoitlar yaratib berayotgan shaharlar jadal rivojlanmoqda. Toshkent shahrini yuqori texnologik sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, bank, moliya, sug‘urta va boshqa zamonaviy xizmatlar ko‘rsatadigan yirik xalqaro markazga aylantirishimiz zarur. Shahar atrofi sanoat zonalari, shahar ichi esa innovasion hudud bo‘lishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy soha, qurilish va kommunal tarmoqlarini rivojlantirish, aholi va turistlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish bo‘yicha ham istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi etib tasdiqlandi.

So‘zga chiqqanlar hokim va uning barcha o‘rinbosarlari, barcha faollar Prezidentimiz tomonidan poytaxtimizni jadal rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni bajarish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini ta’kidladilar.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 05:25 22.12.2018. O'qildi: 2024 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!