Bugun 4 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi ko‘chalarning biriga Rauf Parfi nomi beriladi

A A A
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi ko‘chalarning biriga Rauf Parfi nomi beriladi

Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

2023 yil 22 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Anqara Hoji Bayram universiteti, Yegey universitetining Adabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti bo‘limi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan “Zamonaviy she’riyatni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusidagi mazkur anjumanda ijodkorlar o‘z xotiralari bilan, adabiyoshunoslar esa shoir ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjumanni Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqul olib bordi.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Rauf Parfi bilan bog‘liq xotiralarini esladi:
“Ko‘chaga chiqqanda suvratini ko‘rsatar, siyratini ko‘rsatmasdi. Kim ko‘chada qolsa, borishi mumkin bo‘lgan yagona xonadon Rauf akaning uyi edi...”
Professor Abdulla Ulug‘ov Rauf Parfini intellektual shoir deb atadi va musavvirona misralarini tahlil qilishga urindi. Yozuvchi Nazar Eshonqul fikriga ko‘ra Rauf Parfi “ta’masiz, erkin ijodkor” bo‘lgan.
Anjuman doirasida filologiya fanlari doktori Yashar Qosim (Ozarbayjon) “Rauf Parfi va avloddoshlari ijodida san’at va san’atkor konsepti”, professor Shomirza Turdimov “Turk dunyosining shoiri”, filologiya fanlari doktori Olim Oltinbek “Rauf Parfi – jahonshumul shoir”, Go‘zal Matyoqubova “Rauf Parfi she’riyatining ma’rifiy-ruhiy tarovati” mavzularida ma’ruzalar qildi.
Anjuman materiallari yig‘ilib, to‘plam holida nashr etilgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilda Rauf Parfining she’riy to‘plami, "Tanlangan asarlar"i hamda zamondoshlar xotirasida kitoblari chop etildi hamda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi ko‘chalarning biriga shoir nomi beriladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati

Kiritildi: 20:54 24.09.2023. O'qildi: 1919 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!