So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz Rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va bu turdagi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Quvonarlisi bu borada qator ijobiy natijalarga erishilmoqda va buni xalqaro reyting hamda indekslarda O‘zbekistonning o‘rni tobora yaxshilanayotganligida ko‘rishimiz mumkin.
Shu bilan birga, taraqqiyot kushandasi hisoblangan ushbu illatga nisbatan kurashni bir zumga bo‘lsada bo‘shashtirmaslik lozim.
Chunki, sholi kurmaksiz bo‘lmagani kabi, jamiyatimizda uning domiga tushib qolayotganlar yo‘q emas.
1️⃣ Jumladan, Toshkent viloyati Soliq boshqarmasining sayyor soliq tekshiruvlari bo‘limi katta inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, Angren shahrida faoliyat yurituvchi, bog‘dorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikda o‘tkazilayotgan sayyor soliq tekshiruvini ijobiy hal qilib, 1 yil davomida soliq organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga xo‘jalik rahbaridan 5 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspektori o‘z harakatlari qonunga xilof ekanligini bilgani holda, ushbu pul mablag‘ini tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
2️⃣ Boshqa holatda esa Navoiy viloyatidagi tumanlardan biridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori hamda bosh hisobchisi o‘zaro til biriktirib, maktab murabbiyiga ajratilishi lozim bo‘lgan xizmat safari pulidan qo‘shtirnoq ichida ulush olishni reja qilishadi.
Xususan, ular joriy yilning mart va may oylarida para yengil atletika sport turi bo‘yicha murabbiy 8 nafar sportchi bilan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etganligi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan jami 40 mln 722 ming so‘m miqdoridagi xizmat safari pullarini to‘lab berish evaziga ushbu summadan 40 foizini, ya’ni 16 mln so‘mdan ortiqroq qismini berishini talab qilishadi.
So‘ngra bosh hisobchi murabbiyning bank plastik kartasiga xizmat safari puli hisobidan 10 mln so‘m o‘tkazib berib, shundan 3 mln. so‘mni pora sifatida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar har qanday qonunbuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu bois, osuda hayotingizni izdan chiqarib, pushaymon bo‘lmang. Ogoh bo‘ling.