Jahon banki Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda «Toshkent shahri havo sifatini baholash va O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi» hisobotini taqdim etdi.
Hisobot Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston poytaxtidagi havo sifatining diagnostik tahlili, shuningdek, mamlakatda havo sifatini boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Dunyoning boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham havo sifati bilan bog‘liq noxush holatlarning aksariyati diametri 2,5 mikron (PM2.5) bo‘lgan zarrachalar tufayli yuzaga keladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bu zarrachalarni aholi salomatligi uchun eng katta xavf tug‘diradigan ifloslantiruvchi deb ta’kidladi. Global havo sifatini kuzatib boruvchi IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent ham Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari kabi dunyoning havosi eng ifloslangan shaharlari qatoriga kiradi.
O‘zbekiston hukumati havo sifatini boshqarishga mahalliy, milliy va mintaqaviy darajada hamkorlikda, integrasiyalashgan va tarmoqlararo sa’y-harakatlarni talab qiladigan muhim muammo sifatida qarab kelmoqda. Xususan, 2024 yil 21 mayda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan turar-joy binolaridagi atmosfera havosi sifati bo‘yicha JSST tavsiyalariga mos keladigan yangi PM2.5 standarti qabul qilindi. Bu mamlakatdagi havo sifatini yaxshilashga qaratilgan dastlabki maqsad va muhim qadamdir.
Hisobotda Toshkentda PM2.5 zarralarining konsentrasiyasi qish oylarida eng yuqori darajaga yetishi, ularning havodagi miqdori qabul qilinadigan xalqaro standartlardan sezilarli darajada oshishi qayd etilgan. Xususan,Toshkent shahridagi PM2.5 ning o‘rtacha yillik konsentrasiyasi JSSTning yillik o‘rtacha standarti 5 mikrogram kubometrga (mkg/m³) nisbatan 6 barobardan ortiqroqdir.
Hisobotga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning PM2,5 zarralari bilan ifloslanishi aholi salomatligi va iqtisodiyotga katta zarar yetkazmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holat natijasida poytaxt aholisi sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 0,7 foizini tashkil qilishi mumkin.
Toshkent shahrida PM2,5 zarralari bilan antropogen ifloslanishning asosiy manbalari issiqlik tarmog‘i (28%), transport (16%) va sanoat (13%) hisoblanadi. Yozda shamol changi kabi transchegaraviy manbalar (barcha PM2.5 zarralari ifloslanishining 36%) ustunlik qiladi, qishda esa tijorat va turar-joylarni isitish PM2.5 ifloslanishining asosiy sababi hisoblanadi.
Hisobotda O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi taqdim etilgan. Unda havo sifati standartlari va tegishli qoidalarni yangilash, havo sifatini boshqarish milliy strategiyasini ishlab chiqish va zarur muvofiqlashtirish mexanizmini yaratishni o‘z ichiga olgan ustuvor harakatlar tavsiya qilingan.
Qolaversa, havo sifatini yaxshilash bo‘yicha davlat siyosati chora-tadbirlari, jumladan, havoning ifloslanishiga eng katta hissa qo‘shuvchi sanoat, transport va issiqlik tarmoqlaridagi chora-tadbirlar, shamol orqali kelayotgan changlarni kamaytirish choralari keltirib o‘tilgan.
«Yo‘l xaritasi»da qayd etilishicha, foydalanilayotgan yoqilg‘i sifati va isitish moslamalari hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ekologik toza isitish manbalariga o‘tish orqali issiqlik tarmog‘idan chiqayotgan chiqindilarni kamaytirish mumkin.
Hisobotning o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi variantlarini ko‘chirib oling.