Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning joriy yil 10 iyuldagi qarorida hokimlik va “ToshkentboshplanLITI” DUK o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 40 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
“Yangi Toshkent”ning bosh rejasini inobatga olgan holda, loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish va xorijiy loyiha kompaniyalarini tanlash bo‘yicha tender tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Kengash vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, xo‘jalik birlashmalari, banklar va direksiyalarning ishini muvofiqlashtiradi va vazifalarini belgilaydi, investorlarning loyiha takliflarini ko‘rib chiqadi va “Yangi Toshkent” bosh rejasini tasdiqlaydi. Unga o‘zgartirishlar kiritadi, shuningdek, yer uchastkalarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi va kimoshdi savdosiga qo‘yiladigan yer uchastkalarining dastlabki qiymatini belgilaydi. Bundan tashqari, organ to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali loyiha-pudrat tashkilotlari va boshqa mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma ob’ektlari qurish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, Tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovasiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi.
420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.