Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkent shahri uy-joy bozorida qanday o‘zgarish?

Toshkent shahri uy-joy bozorida qanday o‘zgarish?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2021 yilning avgust oyidan 2022 yilning avgust oyigacha bo‘lgan davr oralig‘ida Toshkent shahrida uy-joy narxlarida qanday o‘zgarish ro‘y berganligini tahlil qildi.

2022 yilning 7 oyida Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozorida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari soni salkam 49 mingtani tashkil etgan (bu respublika bo‘yicha tuzilgan bitimlarninig 27% ini tashkil etadi) va o‘tgan yilning shu davri (48,3 ming) bilan taqqoslaganda deyarli o‘zgarmagan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022 yilning iyul oyida Toshkent shahrida eski uylarning narxi 2021 yilning shu davridagiga nisbatan o‘rtacha 12% ga, yangi uylarning narxi esa 8,3% ga oshgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, narxlar joriy yilning may oyidan beri birlamchi bozorda ham (1 kv.m. uchun may oyidagi $943,6 dan iyul oyida $919.9 ga), ikkilamchi bozorda ham ($891,1 dan $882,6 ga) pasaymoqda.

Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanalarida uylarning narxi Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha narxdan (yangi uylar - 1 kv.m $957,2, eski uylar - $888,3) yuqori. Eng past narxlar esa Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatildi.

Uy-joy narxlarining jiddiy oshishi boshqa davlatlarda ham kuzatildi. Masalan, Buyuk Britaniyada uy-joy narxlari joriy yilning iyun oyida yillik 10.7% ga oshgan va mazkur oyda yillik inflyasiya 9.4% ga yetgan. Bu shundan dalolat beradiki, ko‘chmas mulk bozorida narxlar inflyasiya borasidagi taxminlarga tezda ta’sir qiladi.

Global House Price Index ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori inflyasiya va ipoteka foiz stavkalarining ko‘tarilishi aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini cheklagan bo‘lishiga qaramay, 2022 yilning birinchi choragida dunyoning 56 ta mamlakatida uy-joy narxlari o‘rtacha 10,2% ga oshgan. Narxlarning o‘sishi global o‘zgarishlar natijasida pul oqimlarining ko‘chmas mulk bozoriga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning 6 oyi davomida davlat dasturlari doirasida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari uy-joy bozorida faollikning saqlanib qolishiga xizmat qilgan.

Ma’lumot uchun: Mamlakatimizda 2022 yilning yanvar-iyul oylarida 41,44 ming kishiga 7,6 trln. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari berildi, shundan 5,5 trln. so‘m Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan, 1,78 trln. so‘m tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan. Mazkur davrda jami ipoteka kreditlarining 30,5% i (2,32 trln. so‘m) Toshkent shahrining hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, 2021 yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha 25,3 ming kishiga 3,5 trln. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan edi.

Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida uy-joyga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarishsiz qolgan bir paytda narxlarning oshishini qurilish kompaniyalari va mulk egalarining inflyasiya va so‘mning almashinuv kursi bo‘yicha taxminlari bilan izohlsh mumkin.

Ma’lumot uchun: So‘mning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi 2019 yilda 14% ni, 2020 yilda 10,2% ni va 2021 yilda 3,4% ni tashkil etgan. So‘nggi 3 oyda uy-joy narxlarining tushishi esa ushbu davrda so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadrining mustahkamlanganligi (2,6% ga yoki 29 apreldagi 11179,8 so‘mdan 08 avgustda 10886 so‘mgacha) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kelgusi yillarda "2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi"da aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan maqsadlarning amalga oshirilishi ko‘chmas mulk bozorida narxlar barqarorligini saqlab qolgan holda, faollikni ta’minlaydi. Xususan:

- hududlarda 14 ta uy-joy qurilish klasterlari va 8 ta ixtisoslashtirilgan tuman (shahar)da qurilish materiallarini ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarishni 2 barobarga oshirish uy-joy qurilishi tannarxini tushirishda yordam beradi;

- kvartira sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun to‘lanadigan subsidiyalarning kelgusi yillarda ham davom ettirilishi aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini oshiradi.

Kiritildi: 17:15 11.08.2022. O'qildi: 3258 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!