Toshkent farmasevtika instituti shahar tashqarisiga ko‘chirilib, o‘rniga 5 yulduzli mehmonxona qurilishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shunday taklif bilan chiqmoqda.
Bu taklif tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori loyihasiga kiritilgan. Ishlab chiqilgan loyihani Strategik islohotlar agentligi o‘z saytiga joylashtirdi,
Unga ko‘ra, Toshkent farmasevtika institutini Toshkent viloyatida joylashgan “Tashkent Pharma Park” hududiga ko‘chirgan holda, bo‘shagan yer maydonida 1 000 o‘rinli avtoturargoh qurib davlat tasarrufiga o‘tkazish majburiyati bilan, zamonaviy 5 yulduzli mehmonxona barpo etish taklif etilyapti.
Toshkent farmasevtika instituti / Foto: Yandex-xaritalar
Toshkent farmasevtika instituti 1937 yilda tashkil etilgan. Asosiy o‘quv binosi poytaxt markazida, “Oybek” metro bekati yaqinida joylashgan.
“Tashkent Pharma Park” innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasteri – Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzurida bo‘lib, farmasevtika parki ham, agentlik ham Zangiota tumanida, yuqumli kasalliklar shifoxonasi yaqinida joylashgan.