Alloh O‘zining muborak kalomi Qur’oni karimda biz bandalariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishimiz ta’limotini berib, shunday xitob qiladi: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey, mo‘’minlar! (sizlar ham) unga salovat va salom ayting!” (Ahzob, 56)
“Salovot” so‘zi – duo, rahmat, ulug‘lash va maqtash ma’nolaridadir. “Salom” so‘zi esa – barcha balo va ofatlardan omonda bo‘lish demakdir. Alloh taolo tomonidan bo‘ladigan salovat va salom – rahmat va maqtov ma’nosida. Farishtalar tomonidan bo‘ladigan salovat va salomlar esa – istig‘for va duo ma’nosidadir.
Yuqorida keltirilgan oyati karimada olamlar Rabbisi va yaratuvchisi bo‘lmish Alloh taoloning shaxsan O‘zi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovat aytishga buyurmoqda. Bu esa Payg‘ambarimizning martabalari hamda u zotga nisbatan salovat va salomlarning o‘rni naqadar oliy ekanidan dalolatdir.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: "Kim menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘nta salovat aytadi (ya’ni o‘nta gunohini mag‘firat qiladi)".
Abu Tolha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam xursand holda keldilar. Biz: "Yuzingizda xursandchilikni ko‘ryapmiz! (nima bo‘ldi?), – dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mening oldimga farishta (Jabroil alayhissalom) keldi va: "Ey, Muhammad! Robbingiz shunday dedi: "Men sizga bir marta salovot aytgan kishiga o‘nta salovot aytishim va sizga bir marta salom aytgan kishiga o‘nta salom aytishim sizni rozi qilmaydimi", – deb xabar berdi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: "Qiyomat kunida ummatlarimning menga eng yaqini, menga ularning salovotni eng ko‘p aytuvchilaridir".
Faqatgina, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgina Alloh taoloning roziligi bilan O‘zlari xohlagan ummatlarini shafoat qiladilar. O‘sha shafoatga sazovor bo‘ladiganlarning bir turi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salovot va salomni ko‘p aytuvchilardir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot va salom aytib turish – har bir bandaning burchi. Alloh taolo shunga amr qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning jannatda menga eng yaqin bo‘ladiganlaringiz menga salovotni ko‘proq aytadiganlaringizdir. Bas, yorug‘ kecha va nurli kunda menga salovot aytishni ko‘paytiringlar», dedilar.
Shofe’iy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan. Alloh biluvchi.