AQSh Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Afg‘onistonda hibsda saqlanayotgan bir necha amerikaliklarning ozod qilinishi yuzasidan Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gap 2022 yilda Afg‘onistonda hibsga olingan uch nafar AQSh fuqarosi – Jorj Glezmann, Rayan Korbett va Mahmud Habibi haqida bormoqda. Bayden ma’muriyati javob tariqasida Kubadagi Guantanamo harbiy bazasida saqlanayotgan mahbuslardan birini ozod etishga tayyor. Nashrga ko‘ra, bu mahbus “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining sobiq yetakchisi Usama bin Lodenning safdoshi bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, “Tolibon” teng huquqli almashuv talab qilmoqda. Bayden esa mazkur masala bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilmagan.