Zelenskiy Rossiyaning 5 mayga o‘tar kechasi Ukrainaga bergan zarbalariga munosabat bildirdi. Poltava viloyatida ushbu hujumlar oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Yana bir kishi Xarkov viloyatida hayotdan ko‘z yumdi.
"Targ‘ibot bayramlarini o‘tkazish uchun sukunat so‘rab, 9 maygacha bo‘lgan barcha kunlarda bunday raketa va dron zarbalarini berish — mutlaq pastkashlikdir. Rossiya har kuni o‘t ochishni to‘xtatishi mumkin va bu urushni hamda bizning javob qaytarishimizni to‘xtatadi. Tinchlik kerak va buning uchun real qadamlar lozim. Ukraina ham mos ravishda javob qaytaradi", — deydi Zelenskiy.
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi 8 va 9 may kunlari uchun ikki kunlik sukunat e’lon qilgan edi. Bunga javoban Zelenskiy 6 maydan boshlab "sukunat rejimi"ni joriy etishini aytdi.
"Biz uchun inson hayoti har qanday yillik bayram tantanalaridan ko‘ra cheksiz darajada yuqori qadriyatdir", — deya qo‘shimcha qildi u.