Xitoy avtomobil bozori tarixidagi eng yirik qaytarib olish kampaniyasi boshlanmoqda. Tesla, Xiaomi va Geely kabi yirik brendlarni ham o‘z ichiga olgan 11 ta avtokonsern qariyb 4,3 millionta mashinani xavfsizlik bilan bog‘liq muammo sabab servisga chaqirmoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, asosiy muammo avtomobillar salonidagi eshik tutqichlari bilan bog‘liq. Ayrim modellarda mexanik tutqichlar interyer bilan bir xil rangda bo‘lgani uchun ularni tezda topish qiyin. Bu esa YTH yoki boshqa favqulodda vaziyatlarda yo‘lovchilarning mashinadan chiqishini qiyinlashtirishi mumkin.
Muammoni bartaraf etish uchun ishlab chiqaruvchilar turli choralarni qo‘llamoqchi. Xususan, mexanik tutqichlar joylashgan nuqtalarga maxsus ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatiladi.
Ayrim kompaniyalar esa dasturiy ta’minotni ham yangilaydi. Yangi funksiya avariya sodir bo‘lgan taqdirda avtomobil oynalarining avtomatik ravishda ochilishini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.
Agentlik qayd etishicha, qariyb 4,3 million avtomobil qamrab olinayotgan mazkur kampaniya Xitoyda shu paytga qadar amalga oshirilgan eng yirik avtomobil qaytarib olish holati hisoblanadi.