Bugun 20 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Temir yo‘ldagi inshootlarni buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi

A A A
Temir yo‘ldagi inshootlarni buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi

Yurtimizda temir yo‘l transporti sohasidagi munosabatlar “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yildan e’tiboran har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanalida temir yo‘l transporti sohasidagi qonunchilik haqida ma’lumot berdi.

Yurtimizda temir yo‘l transporti sohasidagi munosabatlar “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.

Temir yo‘l transporti (temir yo‘l) — umumiy foydalanishdagi transport turlaridan biri bo‘lib, u ishlab chiqarish va ijtimoiy yo‘nalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni o‘z tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yo‘llari va transportning boshqa turlari bilan o‘zaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini ta’minlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuyidan iboratdir.

Qonunchilikka muvofiq temir yo‘l transporti korxonalari, umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va temir yo‘l transportining boshqa mol-mulki mutlaq davlat mulki hisoblanadi.

Temir yo‘l qatnovlari quyidagi turlarga bo‘linadi:

• ichki qatnovlar — yuklar, yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini O‘zbekiston doirasida tashish;

• xalqaro qatnovlar — yuklar, yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida tashish;

• to‘g‘ri aralash qatnovlar — yuklarni yagona transport hujjati bo‘yicha transportning har xil turlarida tashish. To‘g‘ri aralash qatnovlar ham ichki, ham xalqaro bo‘lishi mumkin.

Alohida muhim davlat ehtiyojlarini, shu jumladan mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun yuklarning maxsus turlari tashilishini ta’minlovchi tashishlar maxsus tashishlar jumlasiga kiradi.

Temir yo‘l transporti korxonalari yo‘lovchilar, bagaj, yuk bagaji o‘z vaqtida manziliga yetkazilishini, vokzallarda va poyezdlarda yo‘lovchilarning xavfsizligini, ularga xizmat ko‘rsatish uchun zarur qulayliklar va sharoitlar yaratilishini, bagaj va yuk bagajining saqlanishini ta’minlashi shart.

Yo‘lovchilar poyezdlarning jo‘nash va kelish vaqti, yo‘l haqi, bagaj, yuk bagaji tashish haqi, vokzalxonalarda joylashgan temir yo‘l chiptasi kassalari, saqlash kameralarining ish vaqti, yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida vaqtida ishonchli axborot bilan, shuningdek temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlarining ishi to‘g‘risidagi boshqa zarur axborot bilan ta’minlanishlari kerak.

Yo‘lovchi poyezdda o‘zi bilan birga besh yoshgacha bo‘lgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish huquqiga ega. Yo‘lovchi bilan birga besh yoshgacha bo‘lgan bittadan ortiq bola ketayotgan bo‘lsa, ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlari esa chipta to‘liq qiymatining 50 foizi chegirilgan, alohida joy berilgan holda olib yuriladi. Besh yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarga ham chipta to‘liq qiymatining 50 foizi chegirilgan holda alohida joy beriladi. 

Temir yo‘l transporti korxonalari yuklarni tashish chog‘ida yuklarni tashish uchun olingan buyurtmanomalarni bajarmaganlik, vagonlarni shoxobcha yo‘llariga keltirib bermaganlik va ularni shoxobcha yo‘llardan olib ketishni kechiktirganlik, yuklarni jo‘natuvchilar va oluvchilarga tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan ijaraga olingan vagonlar va konteynerlarni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik, bu vagonlar va konteynerlarga shikast yetkazganlik yoki ularni yo‘qotganlik uchun jarimalar to‘laydi.

Bunda jarimalar miqdori quyidagicha.

Kechiktirilgan yuk bo‘yicha (har bir sutka uchun):

yo‘lovchi bagaji uchun – har bir sutka uchun bilet narxining 5 foizi miqdorida, ammo umumiy jarima miqdori yuk tashish haqining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak;

yuk bagaji uchun — har bir sutka uchun tashish narxining 1,5 foizi miqdorida, biroq bu summa tashish narxining 30 foizidan oshib ketmasligi kerak.

Yuklarni yo‘qotganlik uchun yuklarning to‘liq qiymati qoplab beriladi. Bunda yuk uchun to‘langan haq ham qaytarib berilishi kerak.

Ayrim shaxslar uchun temir yo‘l chiptasini kassalaridan sotib olish bo‘yicha ustunlik huquqi mavjud.

Xususan mazkur huquq quyidagi shaxslarga taqdim qilinadi:

• a) 10 yoshgacha (bu yoshga to‘lgan) bolali yo‘lovchilarga, shuningdek yo‘llanmalar chipta kassasiga taqdim qilingan holda yo‘llanmalar bo‘yicha sanatoriya-kurort davolanishiga borayotgan 10 yoshdan katta kasal bolalarni kuzatib borayotgan yo‘lovchilarga;

• b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlariga;

• v) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlariga, O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi xizmatchilariga, xizmat ko‘rsatish hududlari doirasida yoki xizmat safari guvohnomalarida ko‘rsatilgan stansiyalargacha xizmat ishlari yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan yo‘lga chiqishlarda tibbiyot xodimlariga, veterinariya va sanitariya nazorati xodimlariga;

• g) tasdiqlangan telegraf chaqiruvi bilan ketayotgan shaxslarga;

• d) avariya yoki yong‘inni bartaraf etish uchun safarbar qilingan “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “O‘zdavneftgazinspeksiya”, gaz nazorati, gaz, kimyo, neft, neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati, geologiya xizmatchilariga.

Quyidagi shaxslar chipta kassalarida navbatsiz chipta olishi mumkin (tegishli tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinganda):

• a) Sovet Ittifoqi Qahramonlari va uch darajadagi Shon-shuhrat, “O‘zbekiston Qahramoni”, “Sog‘lom avlod uchun” ordenlari va “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan shaxslar;

• b) urush nogironlari va qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar;

• v) Chernobil AESda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar;

• g) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari va deputatlari;

• d) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari;

• YE) “Faxriy temiryo‘lchi” nishoni bilan taqdirlangan shaxslar.

Yotoq joylari mavjud bo‘lgan yo‘lovchi tashish poyezdlaridagi vagonlarda yurilganda yo‘lovchi, qiymati plaskarta qiymati tarkibiga kiritilgan yotarjoy buyumlari komplekti bilan ta’minlanadi. Yotarjoy buyumlari komplekti ikkita choyshab, bitta yostiq jild, bitta sochiqdan iborat. Yotarjoy buyumlari komplekti yo‘lovchiga butun yo‘l davomida foydalanish uchun beriladi.

Yo‘lovchi xohishiga ko‘ra kuzatuvchi yo‘nalish davomida ishlatilgan yotarjoy buyumlarini qo‘shimcha haq hisobiga almashtirib berishi mumkin.

Kuzatuvchilar yotarjoy buyumlari komplektini yo‘lovchilar joylariga yetkazishlari, nogiron, kasal, katta yoshdagi shaxslar, yosh bolali yo‘lovchilar, shuningdek ikki joyli yotoq kupelarida ketayotgan yo‘lovchilarga yotoqlarini to‘shab berishlari shart. Yo‘lovchi manzil yoki boshqa poyezdga o‘tish stansiyasiga yetib kelishiga 30 daqiqa qolganda, kuzatuvchi yotarjoy buyumlarini yig‘ishtirib oladi.

Matras, yostiq va ko‘rpadan foydalanish uchun to‘lov plaskarta qiymati tarkibiga kiritilgan va qo‘shimcha ravishda yo‘lovchidan undirib olinmaydi.

Barcha toifadagi yo‘lovchi tashish poyezdlarining yotoq joyli vagonlari, shuningdek o‘tirish joylariga ega tezkor yo‘lovchi tashish poyezdlarining vagonlari kuzatuvchilari, yo‘lovchilarni ularning iltimosiga ko‘ra tashuvchi belgilagan narxlarda kuniga kamida uch marta choy bilan ta’minlashi kerak. Yo‘lovchi tashish poyezdining barcha yo‘lovchilari butun yo‘nalish davomida sovutilgan qaynatilgan ichimlik suv bilan bepul ta’minlanishi kerak.

Temir yo‘l transportidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

Temir yo‘l izlariga poyezdlar qatnovining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ashyolarni qo‘yish, shuningdek temir yo‘lni, ihota daraxtlarini va qor to‘sish g‘ovlarini hamda boshqa yo‘l ob’ektlarini, signal berish va aloqa inshootlari va qurilmalarini shikastlantirish - eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Temir yo‘ldan ot-arava haydab o‘tish va chorva mollarni haydab o‘tish, chorva mollarni temir yo‘l yaqinida boqish qoidalarini buzish eng kam ish haqining beshdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Temir yo‘llarni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish - eng kam ish haqining yigirmadan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilari tomonidan temir yo‘l izini belgilanmagan joydan kesib o‘tish - eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Zarurat bo‘lmay turib, o‘zboshimchalik bilan poyezdni to‘xtatish eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuk poyezdlarida o‘zboshimchalik bilan yurish, poyezd yurib ketayotganda poyezdga chiqish va poyezddan tushish, vagonlarning zinapoyalarida va tomlarida ketish — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Temir yo‘l transporti vositalari, aloqa yo‘llari, ulardagi inshootlar, signalizasiya qurilmalari, aloqa yoki boshqa transport uskunalarini qasddan buzish, ularga shikast yetkazish yoxud ularni boshqa usulda foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

O‘sha harakat odamlar o‘limiga; halokatga; boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 10:46 06.08.2018. O'qildi: 1886 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!