Bugun 19 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Tatariston Respublikasi Raisi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi

Tatariston Respublikasi Raisi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi

Bugun Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni viloyat hokimi Normat Tursunov kutib oldi.

Dastlab, Tatariston Respublikasi delegasiyasi Navoiy Erkin iqtisodiy zonasidagi Sanoatni rivojlantirish kompleksida bo‘lib, bu yerda Tatariston bilan hamkorlikda qad rostlayotgan maxsus sanoat parkida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Rustam Minnixanovga sanoat parkida tashkil etilayotgan loyihalar taqdimoti qilindi.

2023 yilning oktyabrida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Hududlararo biznes forumida Tataristonning "KIPMASTER" AJ kompaniyasi bilan Navoiyda maxsus sanoat parkini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi. Mazkur sanoat parkida umumiy qiymati 251 mln. AQSh dollari bo‘lgan 19 ta loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastlab 140 mln. dollarlik oziq-ovqat sanoati uchun qadoqlash idishlari, jumladan alyuminiy bankalar ishlab chiqarish loyihasi tashkil etilmoqda. Loyiha doirasida yiliga 1,5 mlrd. dona alyuminiy bankalar ishlab chiqariladi va bu yo‘nalishda 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Rustam Nurgaliyevich qurilish jarayonidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yangi takliflarni o‘rganish maqsadida mas’ullar bilan fikr almashdi.

Delegasiyaning Navoiyga tashrifi "Tinchlik Plaza" mehmonxonasida davom etib, ikki hudud o‘rtasidagi savdo iqtisodiy va investision masalalar atroflicha muhokama etildi, istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Tatariston Raisi shu kunning o‘zidayoq Navoiy xalqaro aeroportidan jo‘nab ketdi.

Kiritildi: 19:55 18.12.2024. O'qildi: 350 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!