“Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–264-son, 29.08.2025 y.) qabul qilindi.
🔰 Qarorga ko‘ra, Qonunchilik palatasida tashabbusli byudjet jarayonlarini muvofiqlashtirish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat parlament komissiyasi tashkil etiladi.
✅ 2026 yil 1 yanvardan deputatlar har yili tashabbusli byudjet jarayonlarida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayoti va hududni rivojlantirishga ta’sir qiladigan 2 ta loyihani (har mavsumda 1 tadan) “Ochiq byudjet” axborot portalida tanlaydi.
💰 Mazkur tanlov loyihani respublika byudjetidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.
💸 Shuningdek, mazkur jarayonlarda g‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga 1 yilda 2 mavsumga BHMning 8 ming baravari miqdorida mablag‘ har yilgi respublika byudjetida nazarda tutiladi.
🔗 2026 yil 1 fevraldan tashabbusli byudjet jarayonlarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi.
📚 Tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foizi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilganda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.