Inson nafas olayotgan havo, zamin, osmon, yulduz, o‘simlik, hayvonlar bilan yaxlit hayotni namoyon qiladi. Hayot esa qon tomirlardagi suyuqlik kabi aylanadi, davom etadi. Ya’ni, mavjudotlarning birisi boshqasiga joy bo‘shatadi, ikkinchisi esa keyingisiga o‘rin hozirlaydi. Adiblardan biri: “Tug‘ilish o‘limga qo‘yilgan birinchi qadamdir” deya topib aytgan edi (garchi g‘ayridin bo‘lsa ham). Tug‘ilgan jon bor, uning o‘limi ham haq. Ular orasida inson ongli mavjudot, u aql, boshqarish xususiyati bilan ustundir.
Kimdir ehtiyoj, imkoniyat yuzasidan yelib-yugursa, boshqa birov dunyoni egallasam, uni boshqarsam, deydi. Qidirganlarini topgan kishining hayotdan zavqlanishi va boshqalar bilan baham ko‘rishi ham tabiiy hol. Shu jumladan, xasis, baxillik kabi illatlar ham insonga xos. Shuningdek, odamda birinchi bo‘lsam, degan “formula” ham yo‘q emas. Bu “formula” har doim kishilarni olg‘a yurishga, hammadan o‘zib ketishga undaydi.
To‘g‘ri, ehtiyoj, oila, farzandlarning moddiy-ma’naviy tarbiyasi kishilar yelkasiga bir qadar mas’uliyat yuklaydi. Ammo har narsada halol, to‘g‘ri, o‘rta bo‘lgan yaxshi. Chunki sabrli, qanoatli, odobli insongina maqsadiga yetadi. Aks holda, inson sudxo‘rlik, xiyonat, firib kabi illatlar domiga ilinib, yuzi qattiqlashadi. Uyat, andishani ham bir chetga surib, o‘z manfaati uchun hech narsadan qaytmas “sirtlon”ga aylanadi.
Masalan, bozorga katta-kichik, boy-kambag‘al erkak-ayol hammasi borishadi. Ular ehtiyojlari yuzasidan bir-birlari bilan muomala qilib, ba’zan g‘irromlik qilayotganini bilsa ham ozgina naqd foydani deb oxiratni unutadilar.
Bir safar telefon do‘konlari oralab, aloqa qilish matohlaridan birini bir yuzu o‘ttiz ming so‘mga savdolashganimizda, “Terminal yo‘q, naqd pulga savdo qilamiz”, deyishdi. Afsus ila qaytayotgan edik, ortimizdan chaqirishdi: “Plastikda bir yuzu sakson ming so‘m bo‘ladi. Mana oling”.
Ikkilanib ortga qaradim va terminalga bo‘lar ekanu, nega sen yo‘q, deb xaridorni cho‘chitasan, dedim hazil aralash…
Yana bir misol, ishdan qaytishda ikki kilo olma xarid qildim. Qo‘limga vazni yengil tuyulgach, sotuvchidan tarozingiz to‘g‘rimi, deb so‘radim. U: “Ha to‘g‘ri” deya ishonch bilan boshini quyi qilib tasdiqladi. So‘ngra uch-to‘rt qadam nariga o‘tib xurmo oldim. Negadir xaridorlarning ba’zisi xurmo sotuvchining tarozisida olgan narsalarini qayta tortdirib ketishyapti ekan. Men ham olmamni tarozisiga qo‘yib berishini iltimos qildim. Undan to‘rt yuz ellik gramm kam chiqqanini olma sotuvchi ham eshitib turardi. U besh-olti dona olmani achchiq bilan sumkamga soldi. Men esa ortig‘i kerakmas, deya taroziga qo‘yishini talab qildim…
Ajabo, “terminalingiz ishlaydimi; tarozingiz to‘g‘rimi” deb savol berish xaridorga ham sotuvchi uchun ham odatiy holga aylandi. Bu savolni haqorat bilib, tarozisini qayta-qayta tekshirishga urinadigan tijoratchilar ham bor, albatta. Ammo xaridorlarning “ko‘rinishiyu gap-so‘zlari”dan g‘aflatda qolsa, bahona topishga qiynalishidan tashvish chekib, doim ziyrak, hozirjavob bo‘lgan savdo xodimlarining bozori chaqqon. Ba’zan esa, telefon sotuvchi xodim kabi dangalini aytish aldab, firib qilishidan ko‘ra yaxshi, deb o‘ylayman. Ba’zida esa sotuvga qo‘ygan molingiz tannarxidan ikki-uch baravar qimmat sotilayotganidan dilingiz og‘riydi. Xarid qilar ekan, deb ustiga haddan ziyod narx qo‘yish ham xatodir. Xalqimiz, insof sari baraka, deb bejiz aytmagan. Foydamiz ko‘p bo‘lmasin, ammo topganlarimiz halol, barakali bo‘lgani yaxshi emasmi?
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: “Alloh taolo nohaq, yolg‘on qasam bilan birodarining molini o‘ziniki qilib olishdan qaytardi. Birovning haqini yeyish ikki xil bo‘ladi: zulm orqali – tortib olish, xiyonat, o‘g‘irlik; hazil va o‘yin orqali – qimor va boshqa shunga o‘xshash bekorchi ermaklar”.
Alloh taolo: “Mol(-mulk)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” ("Baqara" surasi, 188-oyat), deya marhamat qiladi. Imom Qurtubiy oyatdagi “botil yo‘l bilan yemaslik”ka haromning barcha turlari: qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib, harom kasb qilib mol, boylik topish va boshqa shu kabilar kiradi, deganlar.
Abduvohid O‘ROZOV,
“Movarounnahr” nashriyoti xodimi
Manba: azon.uz