Bugun 2 may, 2026 yil, shanba

КИР

Talabalarga berilgan birinchi "musht" yoxud yotoqxonaga joylashish uchun yotib olish kerakmi?

A A A
Talabalarga berilgan birinchi "musht" yoxud yotoqxonaga joylashish uchun yotib olish kerakmi?

Ertalab ishga ketishda metrogacha avtobusda bordim. Metroda ham, poytaxt ko‘chalarida ham talabalarning shaharga qaytgani sezildi. Ko‘chalar yoshlar bilan gavjum. Kimdir o‘qishga kechikishdan qo‘rqadi, kimdir yangi libosidan mamnun holda ming xil xayolda manzilga otlangan. Yana kimdir o‘sha televizorlardagi katta auditoriyada o‘qiyotgan talabalar orasida o‘zini his qiladi.

Shunda bu yil O‘zbekiston san’at va madaniyat institutining talabasi bo‘lgan jiyanim ko‘z oldimdan o‘tdi. Metroda chiqiboq qo‘ng‘iroq qildim. Bilsam, hali o‘qishni boshlamabdi, ishdan esa yotoqxonaga joylashib olgunga qadar javob so‘ragan emish (Shartnoma asosida o‘qigani uchun yarim stafkada nashriyotda ishlaydi).

Uning aytishicha, talabalar ota-onalari bilan kelib, ikki kundan buyon yotoqxona oldida ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoqlari bilan sarson bo‘lib, o‘zini u yoqdan bu yoqqa urib, joy olish ilinjida yurganmish. O‘zi haqida esa boshqa hech narsa deya olmay yig‘lab yubordi.

Ko‘nglim xavotirlanib yoniga bordim. Ahvol eshitganimdan ham og‘ir. Kimdir qarining gapiga kirar, deb buvisini yetaklab olgan, yana kimdir bobosi bilan biri dekanni, biri yotoqxona mudirini kutib o‘tiribdi. Ularning oldiga kirgani bilan nima o‘zgarardi bir xil javob : “Yotoqxonada joy tugagan” (Ammo ikkita katta bino bo‘m-bo‘sh).

Men ham navbatda turib dekanni kutdim. Navbatim keldi, eshikni ochdim, yotoqxona masalasida, deganimni bilaman, “Joy qolmagan”, degan dangal javob oldim (Meni ham talaba, deb o‘yladi, shekilli).

"Avval birinchi kurslar joylashadi, keyin sizlarga navbat", dedi. Jim, orqaga chekindim. Jiyanim ikkinchi kurs. Otasi olamdan o‘tganligi uchun yotoqxonaga imtiyozli joylashish uchun ruxsat olib, hatto to‘lovlarini ham qilishga ulgurgan. Ammo joydan esa darak yo‘q.

Nima qilishni bilmaysan, kishi. Seni eshitadigan yoki tushunadigan odam yo‘q. Ne-ne umidlar bilan o‘qishga kelgan talabaning esa bunda hafsalasi pir bo‘ladi. Ahvol esa allaqachon ingichka uzilib yo‘g‘on cho‘ziladigan vaqtga kelgan...

– Kecha kun bo‘yi kutdim, nabiramni yotoqxonaga joylayman deb, ammo natija bo‘lmadi. Qizlar yotoqxonasi yonida sirdaryolik, buxorolik ota-onalar bilan tushgacha o‘tirdik, navbat kutdik, ammo qabul bo‘lmadi, tushdan so‘ng qabul qilamiz, dedi. Biz esa kutib o‘tiraverdik, lekin yotoqxona rahbari bu yer to‘ldi, narigi yotoqxonadan joy beramiz, deb aytdi. Ammo undan ham joy ajrataman, demadi. Biz esa kechgacha kutdik. Bugun erta tongdan kelib, yana kutib o‘tiribman, – deydi Sattorova Hamida. – Natija bo‘lmasa, qiynalib qolamiz, qiz bola uchun yotoqxona ishonchli, ijaraga boshqa yerga qo‘yamiz, desak, cho‘ntak ko‘tarmaydi. Qolaversa, nabiram shartnoma asosida o‘qishga kirgan...

– O‘tgan yili yotoqxonaga joylashish ham tanish-bilishchilik bo‘lib ketgani uchun joy ololmagan edim, – deydi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti instituti talabasi Ahmad Rustamov (ism va familiya o‘zgartirildi) – Yotoqxonada joy bo‘la turib joylasha olmagandim. Yanada alam qilgani bitta telefon bilan yotoqxonaga joylashib olgan kursdoshlarim ham bor. Eng qizig‘i, ikki yildan buyon bizning institutga ajratilgan yotoqxonani bir qismida harbiylar yashaydi. Yotoqxonada turishga hafsalam pir bo‘lgan, niyatim ham yo‘q. Bugun yo‘lim tushib, shu tarafga o‘tdim, yana shu hol, viloyatdan kelgan ota-onalar talaba farzandlarini yotoqxonaga joylay olmay kutib o‘tiribdi. Ular nimani kutayotganini, yotoqxona topshiruvchilar esa nima uchun kuttirayotganini bilishmaydi. Har yili shu ahvol. Bu yerda qandaydir sir bormi, bilmadim...

Aytishlaricha, talabalar shaharchasida ham talabalar ota-onalari bilan yangi qurilgan “Yoshlik” saylgohida “tunab” qolayotgan emish.

Talabalarning aytishicha, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida shu yil qabul ko‘paygani uchun yotoqxonada joy yetmasligi tabiiy holga aylangan. Aslida-chi, holat qanday bo‘lishi kerak? O‘qiyman, deb kelgan talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi kerak emasmi? Biz bu mavzuga, hali qaytamiz!

Manba: uza.uz

Kiritildi: 06:30 06.09.2019. O'qildi: 4804 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!