Hozirda talabalarda qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud. Ushbu muammoli masalani, faqatgina tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali qisqa fursatlarda hal qilish mumkinligi aytildi.
Bo‘sh maydoni bo‘lgan OTMlar o‘z hududida, bo‘sh maydoni bo‘lmaganlari 1,5 kilometrgacha masofada tadbirkorlarga yotoqxonalar tashkil etish uchun yer auksion orqali ajratiladi.
Oliygoh rektori, viloyat hokimlari tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolaydi, binoning 1-2 qavatini biznes uchun (ko‘ngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turar joy (xostel) tashkil etish shartlari belgilanadi.
Talabalarning turar-joyi xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.
Bu tadbirkor uchun – kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun – qulay va arzon sharoit, oliygohga esa – mablag‘ni tejash va ularni ta’lim sifatini oshirish uchun yo‘naltirishga katta imkoniyat dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident viloyat hokimlariga bir hafta muddatda talabalarga qulay hududlarda yotoqxonalar qurish bo‘yicha yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.