Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yilgi to‘qnashuvlardan so‘ng, Tailand va Kambodja rahbarlari Filippindagi Sebu orolida muzokara o‘tkazishadi.
Muzokaralar ASEAN sammiti arafasida, Filippin prezidenti Ferdinand Markos-kichik nazorati ostida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi 817 kilometrlik bahsli chegarada vaziyat hamon keskinligicha qolmoqda. O‘tgan yilgi to‘qnashuvlarda artilleriya va havo zarbalari qo‘llanishi oqibatida 150 ga yaqin kishi halok bo‘lgan, 300 mingdan ortiq aholi o‘z uyini tark etishgan edi.
Tailand Bosh vaziri Anutin Charnvirakul muzokaralarda mamlakat suverenitetini qat’iy himoya qilishini bildirdi. O‘z navbatida, Kambodja tomoni ham muammoni xalqaro huquq asosida va kuch ishlatmasdan hal qilish zarurligini ta’kidlagan.
Uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi dengiz energiya resurslarini birgalikda qidirish haqidagi kelishuv Tailand tomonidan bekor qilinishi ortidan yuzaga kelgan sovuqchilik fonida o‘tmoqda.