Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi «B.M.» MCHJ vakili elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasi sotib olish uchun to‘langan mablag‘ning bir qismini qaytarishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkor Angren shahridagi 0,8 gektar yer uchastkasini elektron auksion orqali xarid qilgan. Keyinchalik sud qarori bilan mazkur auksion savdosi va uning bayonnomasi haqiqiy emas, deb topilib, tadbirkorga to‘langan mablag‘ni qaytarish belgilangan.
Biroq «YERELEKTRON» AAT hisob raqamiga o‘tkazilgan 163,9 million so‘m mablag‘ni qaytarish masalasi vakolatli tashkilotlar o‘rtasida o‘z vaqtida muvofiqlashtirilmagani sababli pul tadbirkorga qaytarilmay kelgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida Biznes-ombudsman tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi hamda Davlat kadastrlari palatasiga tegishli so‘rovlar yuborildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 163,9 million so‘m mablag‘ «B.M.» MCHJning hisob raqamiga to‘liq qaytarildi. Shu tariqa tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.