Biznes-ombudsmanga Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “Milliy taomlar” (nomi o‘zgartirilgan) mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari gaz ta’minoti korxonasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Aniqlanishicha, korxona barcha talablarga asosan faoliyat yuritib, gaz hisoblagichni qonuniy ravishda o‘rnatgan va servis xizmati shartnomasiga ega bo‘lgan. 2024 yil 28 mart kuni “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda dalolatnoma asosida 231 million so‘m qarzdorlik hisoblangan.
Biznes-ombudsman aralashuvi bilan “O‘zenergoinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan qayta hisob-kitob o‘tkazildi. Natijada haqiqiy qarzdorlik 33 million so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. Tadbirkor noqonuniy hisoblangan 200 million so‘mga yaqin qarzdorlikdan ozod qilindi.