“Hududgazta’minot” AJ tomonidan respublikaning barcha hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi “Kelajak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazildi. “Hududgaz Andijon” GTF komplayens nazorat tuzilmalari va “Ulug‘nortumangaz” GTB xodimlari ishtirokida “A. F. G.” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish maskanining tabiiy gazdan foydalanish holati tekshirildi.
Tekshiruv jarayonida iste’molchi ma’nan eskirgan va nosoz hisoblagich o‘rnatib, 7 dona o‘choq, 1 dona choy qaynatish jihozi va 1 dona isitish qozoni orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Holat bo‘yicha 518 million so‘mlik zarar hisoblandi.
Shuningdek, Namangan viloyatining “Dambog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham shunday holat qayd etildi. “Hududgaz Namangan” GTF komplayens nazorat tuzilmalari va “Namanganshahargaz” GTB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro A.T. ga tegishli novvoyxonada tabiiy gaz tarmog‘iga qonun talablariga zid ravishda hisoblagichsiz ulangani va buning natijasida 628,6 million so‘mlik zarar keltirilgani ma’lum bo‘ldi.
Jamiyat axborot xizmatining xabariga ko‘ra, ayni paytda aniqlangan holatlarga oid hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.