Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ayol va uning farzandiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani aniqlanib, mas’ullar tomonidan zudlik bilan chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 26 avgust kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga noma’lum ayol hamda uning 5 oylik farzandi mahalliy fuqarolar tomonidan molxonada majburlab ushlab turilgani haqida xabar kelib tushgan. Mahalla profilaktika inspektori tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borib, jabrlanuvchilar qutqarilgan.
Aniqlanishicha, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro SH.A. o‘zining norasmiy turmush o‘rtog‘i – 1997 yilda tug‘ilgan H.G. ismli ayol va uning go‘dak farzandini bir necha oy davomida majburlab molxonada ushlab kelgan. Bu jarayonda yaqin qarindoshlari ham unga ko‘maklashgan.
Jabrlangan ona va chaqaloq darhol tibbiyot muassasalariga joylashtirilib, ularning sog‘lig‘i shifokorlar va ijtimoiy himoya xizmati mutaxassislari nazoratiga olindi.