Suriya armiyasi Xama viloyatida avvalroq terrorchilik guruhlari jangarilari tomonidan bosib olingan bir necha aholi punktlarini ozod qildi.
Bu haqda Suriyaning SANA davlat agentligi ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, hukumat kuchlari Kornaz, Tell Melch, Al-Jalma, Al-Jabiyn, Xayalin va Shayx Hadid aholi punktlari ustidan nazoratni tiklay olgan. Qayd etilishicha, ularning barchasi Es-Sukeylabiya va Mharda shaharlarini bog‘lovchi avtomagistral bo‘ylab joylashgan bo‘lib, jangarilar Xama provinsiyasiga yurish uchun foydalanmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 27 noyabr kuni “Jabhat an-Nusra” guruhi va uning ittifoqchilari Suriya shimolidagi Aleppo va boshqa aholi punktlariga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi. Keyinroq respublika qurolli kuchlari qo‘mondonligi Suriya armiyasi o‘z kuchlarini to‘plash va qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun Aleppodan chekinishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Bir qator ommaviy axborot vositalari Suriya armiyasi isyonchilarga sezilarli qarshilik ko‘rsata olmaganini iddao qildi. AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Robert Ford hukumat kuchlari ba’zi joylarda "deyarli mag‘lubiyatga uchragan" degan fikrni bildirdi.