Janubiy Sudanda Juba yaqinida halokatga uchragan yo‘lovchi samolyoti bortidagi barcha 14 kishi halok bo‘ldi.
Bu haqda mamlakat Fuqaro aviasiyasi boshqarmasi ma’lum qildi.
CityLink Aviation tomonidan boshqariladigan Cessna 208 Caravan samolyoti Yei shahridan Juba shahriga yo‘l olganida, parvozdan taxminan 30 daqiqa o‘tgach, aloqa uzilib, poytaxtdan taxminan 20 kilometr uzoqlikda halokatga uchradi.
Samolyot bortida 13 yo‘lovchi va bitta uchuvchi bo‘lgan - 12 nafar Janubiy Sudan fuqarosi va ikkita Keniya fuqarosi. Ularning barchasi halok bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga yomon ko‘rinish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.