Bugun 4 fevral, 2026 yil, chorshanba

КИР

Sud-tibbiy ekspertiza sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

Sud-tibbiy ekspertiza sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

📌 Bugun yurtimizda sud-tibbiy ekspertiza sohasini rivojlantirish, uni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, zamonaviy ilmiy-texnik yechimlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda.

🏢 Xususan, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi tomonidan bu yo‘nalishda erishilayotgan yutuqlar salmoqli.

💬 — Prezidentimizning 2025 yil 8 sentyabrdagi tegishli qarorida sohani bosqichma-bosqich modernizasiya qilish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga keng joriy etish kabi qator vazifalar berilgan edi, — deydi muassasa direktori Sherzod Ro‘ziyev.

➡️ — Shunga muvofiq, bugungi kunda sud-kimyo yo‘nalishida mass-selektiv detektorli gaz va suyuqlik xromatografiyasi asosida tahlillarni yo‘lga qo‘yish, bu orqali biologik namunalarda sintetik giyohvand hamda kuchli ta’sir etuvchi moddalarni aniqlash imkoniyatlari sezilarli darajada oshdi. Bu esa mazkur zararli vositalarni fosh etishda yuqori ishonchlilikni ta’minlamoqda.

🧪 Shuningdek, hodisa joyidan biologik dalillarni yig‘ish, qadoqlash va saqlash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilib, sud-biologiya amaliyotida so‘lak dog‘larini immunoxromatografik ekspress testlar orqali tekshirish muvaffaqiyatli qo‘llanilyapti.

💻 Yana bir yangilik. O‘tgan yili markazga BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (UNODC) ko‘magida amalga oshirilayotgan dastur doirasida Yaponiyaning “Shimadzu Corporation” kompaniyasining qiymati 121 ming AQSh dollariga teng zamonaviy xromato-mass spektrometr uskunasi o‘rnatildi.

🗺 Loyihaning keyingi bosqichida markaz va uning filiallari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xususan, Surxondaryo viloyati chegara oldi hududlarida laboratoriya imkoniyatlarini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.

🌐 Xalqaro hamkorlik doirasida muassasamiz “Hindiston sud ekspertlari akademiyasi (Indian Academy of Medico-Legal Experts)ning Hind-Tinch okeani mintaqaviy a’zoligiga qabul qilindi. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston davlatlarining yetakchi sud-ekspertlik markazlari bilan mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

🤖 Joriy yil muassasa hududida molekulyar-genetik tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida yangi laboratoriya binosini qurish rejalashtirilgan. Ushbu bo‘lim ishga tushgach, sud-genetik ekspertizalarni amalga oshirish, shu jumladan, shaxsni identifikasiya qilish, otalik (onalik) va qarindoshlikni aniqlash, jinoyat joyidan olingan biologik ashyoviy dalillarni solishtirish, genetik markerlar asosida tahlillar o‘tkazish, sud-tibbiy va sud-biologiya sohalarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoni yaratiladi.

🖲 Qolaversa, bu yil sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish maqsadida Intelligent Sperm Detection (sun’iy intellekt asosida spermatozoidlarni avtomatik aniqlash) zamonaviy qurilmasini xarid qilish ko‘zda tutilgan.

🌡Mazkur uskuna serologik va sud-biologiya tadqiqotlarining ishonchliligi va tezligini oshirib, bu jarayonlarda inson omilini kamaytiradi hamda kam konsentrasiyali biologik namunalarda spermatozoidlarni aniqlash samaradorligini sezilarli darajada yaxshilaydi.

🔬 Shu bilan birga, mikroskopik tasvirlarni sun’iy intellekt algoritmlari orqali tahlil qilish asosida biologik namunalarda spermatozoidlarni yuqori darajada aniqlash, hisoblash va hujjatlashtirish imkoni yaratiladi. Bu esa xulosalarning ishonchliligini oshirish, ekspertlik jarayonlarini jadallashtirish hamda xalqaro standartlarga mos holda sud-biologiya ekspertizalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

‼️ Ayni paytda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi laboratoriyalarini ISO/IEC 17025 xalqaro standarti talablari asosida akkreditasiyadan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Kiritildi: Bugun 11:15. O'qildi: 214 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!