Bugun 10 yanvar, 2025 yil, juma

КИР

SSV: Yurtimizda 30-65 yoshdagi ayollarni onkoskrining bilan qamrab olish tizimi takomillashtirilmoqda

SSV: Yurtimizda 30-65 yoshdagi ayollarni onkoskrining bilan qamrab olish tizimi takomillashtirilmoqda

Bugun mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasi ilg‘or xorijiy tajriba va mutlaqo yangi yondashuvlar asosida isloh qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilinishi ham ayollar salomatligini asrash yo‘lidagi yana bir muhim qadamlardan bo‘ldi.

Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i qabul qilinib, unda kelgusidagi qator ustuvor vazifalar belgilandi.

Xususan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi shakllantirilib, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratilmoqda.

Bunda:

har yili 30-50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

manfiy natija aniqlanganda, ular 10 yildan so‘ng qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi, natija musbat bo‘lganda esa ayollar qo‘shimcha tekshiruvga yo‘naltiriladi;

saratonoldi holatlar aniqlangan ayollar ambulator davolanish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallariga yo‘naltiriladi;

30-65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi;

ko‘krak bezi saratoni tekshiruvi 45 yoshgacha bo‘lgan ayollarda ultratovush diagnostikasi usulida, 45-65 yoshdagi ayollarda esa mammografiya orqali amalga oshiriladi.

Skrining natijasida onkologik kasallik aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Kiritildi: Bugun 10:53. O'qildi: 240 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!