Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

SSV tramadol, lirika o‘rniga kelgan yangi og‘u haqida ma’lum qildi

SSV tramadol, lirika o‘rniga kelgan yangi og‘u haqida ma’lum qildi

Turli ijtimoiy tarmoqlarda Tropikamid dori vositasini Tramadol, Lirika o‘rniga kelgan yangi bir og‘u sifatida talqin etilayotgani haqida chiqishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganib chiqildi.

– Tropikamid dori vositasi oftalmoskopiyani o‘tkazishda va refraksiyani aniqlashda tashxis qo‘yish uchun (shu jumladan, qorachiqni kengaytiruvchi boshqa preparatlarga yuqori sezuvchanlik bo‘lganida), ko‘zning yallig‘lanish kasalliklarini majmuaviy davolashda sinexiyalarni rivojlanishini oldini olish uchun qo‘llanadi, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markaziFarmakologiya qo‘mitasi raisi Zikrilla Tadjixanov. – Ushbu dori vositasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2018 yil 22 oktyabrdagi 50-son buyrug‘iga ko‘ra, shifokor resepti asosida berilishi belgilangan.

– Tropikamid dori vositasi ko‘zga tomizish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qorachiqlarni kengaytirish xususiyatiga ega, ko‘z kasalliklarida foydalaniladi. Undan qoidaga xilof ravishda foydalanib, in’eksiya qilinganda qon tomirlari kengayishi tufayli sarxushlik holati yuz beradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Azamat Yusupov. – Ammo Tropikamidni Lirika va Tramadol kabi psixotrop dori vositalari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Tropikamidda narkotik moddalar mavjud emas. Ushbu dori vositasi resseptsiz berilsa, turli noxush vaziyatlar ehtimoli ko‘payishi mumkin. Shu bois yuqorida qayd etilganidek, Tropikamid faqatgina shifokor resepti asosida berilishi shart.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida” 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida tasdiqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxatlariga Tropikamid dori vositasi nomlanishi bo‘yicha kiritilmagan. Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961 yilgi giyohvandlik moddalari to‘g‘risidagi Yagona konvensiyasi va 1971 yilgi psixotrop moddalar to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq tasdiqlangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatlariga ham kiritilmagan.

– Tibbiyot amaliyotida ishlatishga ruxsat etilgan Tropikamid dori vositasi Davlat Reestridan “Midaks”, “Tropikamid” nomlari bilan o‘tkazilgan. Sertifikatlashtirish organlarining ma’lumotiga ko‘ra, Tropikamid dori vositasi respublikamizga 2018 yil davomida 562 256 o‘ram, 2019 yil 1 maygacha 447 110 o‘ramda keltirilgan, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Narkotiklar nazorati qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov. – Ushbu dori vositasi bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlar yuz bergan holatlarda, Sog‘liqni saqlash vazirligiga huquq-tartibot organlari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida, Narkotiklarni nazorat qilish Davlat komissiyasi tomonidan ro‘yxatga kiritilishi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz, Tropikamid dori vositasi dorixonalardan faqat shifokor resepti asosida berilishi belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Kiritildi: 14:04 14.06.2019. O'qildi: 3648 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!