Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida tibbiyot va farmasevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari, kasbiy mahoratini attestasiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish funksiyalarini amalga oshiruvchi Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakalarini baholash va ularga malaka toifalarini berish, bu borada mutaxassislar bilimi, ko‘nikmalari va qobiliyatlarini ob’ektiv baholashning zamonaviy uslublarini joriy qilish;
tibbiyot va farmasevtika xodimlarining o‘z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishida ko‘maklashish;
attestasiyalarni o‘tkazish va malaka toifalari berish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy asoslarni ishlab chiqish va takomillashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini ta’minlash;
tibbiyot va farmasevtika xodimlariga qo‘yiladigan amaldagi talablarni tahlil qilish va zamonaviy malakaviy talablarni hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazishning normativ-huquqiy bazasini yaratishda ishtirok etish.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malaka toifasi olish bo‘yicha hujjat topshirish va attestasiyadan o‘tkazishning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim asosida tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
malaka toifasini berish bo‘yicha attestasiyalarning onlayn tartibi joriy yilning sentyabridan boshlab, sinov tariqasida vrach va farmasevtlarga, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, barcha tibbiyot va farmasevtika xodimlariga bosqichma-bosqich joriy etiladi;
malaka toifasi berish bo‘yicha tibbiyot va farmasevtika xodimlarining hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish va ularga elektron sertifikatlar rasmiylashtirilishini yo‘lga qo‘yish uchun “Tibbiyot va farmasevtika xodimlariga malaka toifasi berish bo‘yicha attestasiyadan o‘tkazish va ularga sertifikat berish” yagona axborot tizimi (tibtoifa.ssv.uz) yaratildi va 2023 yil 11 sentyabrdan tajriba sinov tariqasida joriy etiladi.
Endilikda malaka toifasi berish bo‘yicha tibbiyot va farmasevtika xodimlarining hujjatlari faqat elektron shaklda tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Bunda, hujjat topshirish uchun har bir tibbiyot va farmasevtika xodimi Yagona identifikasiya tizimi (OneID)da id.egov.uz havolasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlariga malaka toifasi berish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan attestasiya komissiyalari yig‘ilishi jadvali tuzildi, tasdiqlandi va Sog‘liqni saqlash vazirligining ssv.uz hamda markazning tmbm.ssv.uz rasmiy veb-saytlarida e’lon qilindi. Malaka toifasi berish bo‘yicha attestasiyalar joriy yilning 16 sentyabridan boshlanadi.