“Sputnik Ozarboyjon”ning Bokudagi ofisida o‘tkazilgan tintuvlar natijasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va yetti kishi qo‘lga olingan — Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi.
"30 iyun kuni Bokuda Rossiyaning “Sputnik Ozarboyjon” nashri ofisida o‘tkazilgan tintuvlar natijasida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi", deya xabar bermoqda APA agentligi vazirlik bayonotiga tayanib.
"Tergov firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va jinoyat yo‘li bilan orttirilgan mol-mulkni legallashtirish moddasi bo‘yicha olib borilmoqda. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yetti kishi qo‘lga olingan: ulardan ikkitasi qamoqqa olingan, besh nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilgan", deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu agentlik 2025 yil fevral oyida mamlakatda akkreditasiyadan mahrum qilingan. Ozarboyjon matbuotiga ko‘ra, hibsga olinganlar Rossiya FSB agentlari bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
“Sputnik Ozarboyjon” esa o‘z bayonotida bosh muharrir Igor Kartavix va bosh muharrir o‘rinbosari Yevgeniy Belousov hibsga olinganini ma’lum qilgan.