Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Sobiq jangchi xotiralari: Syurpriz va prezident sovg‘a qilgan soat

Sobiq jangchi xotiralari: Syurpriz va prezident sovg‘a qilgan soat

Daraxtzor oralab ketar ekanman, yo‘limga poyondoz bo‘lgan barglarga qarab, umrimiz ham shu barg kabi, deb o‘ylayman. Sarg‘ayish ham nasib qilmay, bahor shamolida qanchalab kurtaklar hazon bo‘ladi. Insoniyat tarixida ham millionlab kishilar hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli bo‘ronlar bo‘lgani sir emas. Urush va uning og‘ir oqibatlari hamon yuraklarda o‘z chiziqlarini ko‘rsatib turibdi. Urushda g‘olib podshoh, g‘olib sarkarda, g‘olib armiya bo‘lishi mumkin, ammo g‘olib inson bo‘lmaydi. Urush – o‘z nomi bilan urush.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Saliy G‘aniyevning nur qochgan ko‘zlariga qarar ekanman, o‘sha yillarni o‘zimcha tasavvur chizgisida ko‘raman. Anglaymanki, bu yillar tasavvurimdan ko‘ra ancha dahshatli bo‘lgan.

Prezident sovg‘a qilgan soat

– Bolaligim ocharchilik yillariga to‘g‘ri keldi, – deydi qahramonimiz. – Kurmakni maydalab, qaynatib ichardik. Hech qachon nolimaganmiz. O‘n yetti yoshimda frontga yo‘l olganman va shundan beri jangchiman. Bu kuchsiz qo‘llarimga qarab baho bermang, yuragim urib turar ekan, hali kuchimni yo‘qotganimcha yo‘q, – deb qo‘llari bilan ko‘ksini uradi. Otaxonning xalqimizga xos jaydari fe’lidan zavqlanaman.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanining Qarajon qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon va Sovet-yapon urushlari qatnashchisi 97 yoshli Saliy G‘aniyev 2018 yilda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan sovg‘a qilingan soatni hech vaqt qo‘lidan yechmaydi.

– Umrimiz shu soat millaridek tez harakatlanyapti. Ortda qolgan yillarni sarhisob qilsam, besamar yashamaganman deb o‘ylayman. Ikkita urushni ko‘rdim. Yillar yaqinlarimdan ayirdi. Ammo qalbimning tub burchagida jangchiga xos xislat bor, bu – matonat. Mana shu matonat umrim bo‘yi meni yiqilsam qayta turishga undadi. Ovuldagilarning hurmatini ko‘rib, xursand bo‘laman. Bilasizmi? qishloqda Saliy ismli kishilar ko‘p. Menga havas qilib qo‘yishganda, – deydi bolalarcha maqtanib.

Tanasidan quvvat qochgan, so‘zlashga qiynaladigan, suronli yillar o‘z hukmini o‘tkazgan, bir vaqtlar jangohlarda alp-azamat bo‘lgan zenitchi-pulemyotchi otaxonning xotiralarini tinglar ekanmiz, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada hissasi kattaligiga amin bo‘lamiz.

Suhbat chog‘ida otaxon qo‘limizga eskirgan, ayrim varaqlari titilgan ancha yillar oldin yozilgan qoralamani tutdi. Undan ayrim parchalarni keltiramiz…

Urush yillari xotiralari

“Qo‘shnimiz Muratbay amaki harbiy edi. Uning to‘pponchasi, kiyimi, viqorli qarashlari biz bolalarni hayratlantirardi. Ko‘chamizdagi ko‘pchilik bolalar unga o‘xshashni xohlaganmiz. O‘zimizni ulardek savlatli tutishga harakat qilardik. Bir kuni adashmasam, o‘n yoshlar edim. Mahallamiz bolalari bilan «urush-urush» o‘ynadik. Men jamoa sardoriman. Shunda jamoamdagilar dushman askarlaridan birini olib keldi, qo‘limdagi tayoqni to‘pponchaga o‘xshatib, uning peshonasiga tirab: «So‘ngi so‘zing nima, hozir joningni olaman, tez ayt» dedim. Uzoqdan bizni kuzatib turgan otam, yonimga keldi va yuzimga tarsaki tushirdi. Qo‘limni mushtlab turardim, qattiq orlandim. Otam bilan gaplashmay yurdim. Oradan uch kun o‘tib otam, bu o‘yinni boshqa o‘ynamasligimni, urush aslida qo‘rqinchli bo‘lishini, hech qachon odamning jonini og‘ritmaslikni aytdi. Ammo men so‘zimda turolmadim. Ilk marta jang maydonida dushmanning ko‘ziga qarab o‘q otganim hali-hamon yodimda.

1942 yili frontga, urush uchog‘iga jo‘natildim. Zenitchilar polkida, pulemyotchi bo‘lib xizmat qildim. Janggohlarda dushman qo‘shinining uchar texnikalarini yo‘q qilishda qatnashdik. Rossiyaning Murmanskdagi portida fashistlar tomonidan amalga oshirilgan avia-hujumda eng yaqin do‘stimni yo‘qotdim. U bilan bir safda xizmat qilardim. U qozog‘istonlik Bazarbay edi. Bazarbayning o‘limi meni haqiqiy jangchiga aylantirdi. Endi o‘limdan qo‘rqmasdim. Guruh a’zolari bilan birgalikda dushmanning avia-hujumini bartaraf qildik. O‘shanda biz bitta stvolli zenit qurilmalaridan foydalandik. Keyinchalik Amerikadan ikki va to‘rt stvolli uskunalar keltirilganidan so‘ng dushman aviasiyasiga qarshi kurashish anchayin osonlashib qoldi.

1943 yil avgust. Xarkovda bo‘lgan avia-hujum paytida guruh a’zolaridan Igor og‘ir jarohat oldi. Biz o‘qchisiz qoldik. Oy yorug‘ida, daraxt­larni panalab, dushman askarlariga qarab o‘q uzdim. Pistirmadan hujumga o‘tdik. Uchinchi marta biz dushman qo‘shinining mudofaa chiziqlarini kesib o‘tib, avia uchog‘larini  yo‘q qildik. Jang bir kechaga cho‘zilgandi. Ikki taraf ham holdan toygan, biz oxirida qo‘l jangiga kirishib ketdik. Ulardan birini miltiqning qo‘ndog‘i bilan urib qulatdim. U jon achchig‘ida qo‘lidagi o‘tkir tig‘li narsa bilan ko‘ksimni sanchdi. Artelleriya hujumi boshlanib, dushman tor-mor qilindi. Men og‘ir jarohatlanib, gospitalga tushdim. Komandirimiz oldimga kelib: «Sizlarga rahmat. Eng katta ishni amalga oshirdinglar. Sizlar yo‘q qilgan hudud fashist askarlarining maxfiy aviasiya bazasi ekan», deb yelkamga qo‘lini qo‘ydi.

1944 yil yanvar. Dnepr daryosi bo‘yida shiddatli jang bo‘ldi. Dushman qo‘shini biz turgan okoplargacha yetib keldi. To‘satdan bo‘lgan hujumga tayyor bo‘lishimizga qaramay, fashistlar pistirmadan o‘qqa tutishdi. Butun guruh ichida bizning chekimizga «harbiy  tuzoq tushdi». Bu dushman tomonga qarab granata olib, yugurish edi. Ba’zilar granataga qo‘shilib, yo‘q bo‘lardi. Ayrimlari esa chap berardi. Guruh a’zolari ichidan buni men bo‘ynimga oldim. Granata o‘ralgan tugunni belimga bog‘lab, dushman tomonga qarab yugurdim. Meni o‘qchilar himoyaga olishdi. Ular yordamida fashist askarlari menga o‘q uzolmadi. Tugunni qo‘limga oldim va qarshi tomonga qarab otdim. Ko‘z oldimga qolgan oxirgi manzara bu – dushman bayrog‘ining yerda yotgani edi. Ko‘zimni ochganimda esa gospitalda edim…”

Saliy bobo Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Sovet-yapon urushida ham zenitchilar polki bilan birga jang qiladi. 1948 yilda zahiraga bo‘shatilib, ona yurtiga qaytadi.

Jang maydonida dushman askarlari bilan kurashib, xat yozishga vaqti bo‘lmagan Saliy ota urushdagi olti yillik umri davomida uyiga atigi 8 marta maktub yozadi.

«Syurpriz»

Qoraqalpoqliklarga xos qitmirligi ketmagan Saliy ota uyiga qaytayotganligini hech kimga aytmaydi. Urushdan qaytgan askarlar mashinada shahar, tuman markaziga olib kelinardi. Saliy ota atayin ular bilan qaytmay, o‘zi qaytadi. Uydagilariga «syurpriz» qilmoqchi bo‘ladi. Uydan ketayotganida yosh, navqiron, ko‘rkam bo‘lgan yigit, hassaga suyanib kelgandi. Ammo  eng muhimi, u tirik edi.

Urushdan keyingi yillar ham oson bo‘lmadi. Urush tugagan bo‘lsa-da, ammo u yetkazgan talofatlar o‘rnini qoplash uchun ko‘p yillar kerak bo‘ldi. Tinch hayotga qaytib, Nukusda Ustyurt ekspedisiyasida o‘n yil, undan keyin ko‘p yillar kolxozda paxta yetishtirish ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi.

Saliy G‘aniyevning mehnatlari munosib baholandi. Urushdan qaytganida unda 7 ta medal bor edi. Keyinchalik hukumatimiz tomonidan «Jasorat» medali bilan taqdirlanib, har bayramlarda munosib rag‘batlantirilib kelinmoqda.

Jangchi qachon haqiqiy qahramonga aylanadi?! Qachonki uning mardligi va jasorati xalq uchun xizmat qilsa. Oramizdagi tirik qahramon, mardonavor hayoti barchaga o‘rnak bo‘layotgan qariyalarimizning umri uzoq bo‘lsin.

Fikrimizni Saliy otaning: «Hurlikka fido bo‘lmoq – har yigitga baxtdir, ulug‘» degan so‘zlari bilan yakunlaymiz.

Ayjamal JOLDASBAYEVA,

«Vatanparvar» gazetasi muxbiri

Kiritildi: 13:21 18.04.2020. O'qildi: 3005 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!