Sirdaryo viloyatida sobiq ayolining sochlarini qirib, o‘zini do‘pposlagan erkak 2 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Bildirilishicha, maktabda jismoniy tarbiya fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishlagan erkak Guliston shahrida ikki xotin bilan yashab kelib, o‘zaro janjal oqibatida qonuniy nikohdan o‘tgan birinchi turmush o‘rtog‘ining sochlarini qirib tashlagan va ayol tanasining turli qismiga urib, tan jarohati yetkazgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oilaning nikohi 2021 yilda bekor qilingan bo‘lsa-da, ayol erining taklifiga binoan 5 nafar farzandi bilan Guliston shahrining Bo‘ston mahallasidagi xonadonlarning birida istiqomat qilgan. Shu vaqtda erkak shar’iy nikoh asosida boshqa ayolga uylangan va uni ham xonadoniga olib kelgan.
Erkak mast holatda ayol telefon orqali begona erkaklar bilan yozishganini vaj qilib, ayolga ham ruhiy, ham jismoniy tazyiq o‘tkazgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi erkakni Jinoyat kodeksining 126- (ko‘p xotinli bo‘lish) va 126-1 (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.