Shvesiya Rossiyaning provokasiyalaridan qo‘rqmaydi, dedi mudofaa vaziri Pal Jonson prezident Vladimir Putin Ukrainaga qurol yetkazib berayotgan G‘arb mamlakatlariga zarba berishni taklif qilgandan so‘ng.
Shvesiya vazirining izohi u Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalar va uchuvchisiz samolyotlar xarid qilish uchun «katta mablag‘ ajratilishini» e’lon qilgan paytga to‘g‘ri keldi.
«So‘nggi paytlarda biz sezayotgan Rossiyaning keskinlashuvi va provokasiyasi bizni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan qo‘rqitishga urinishdir va bu barbod bo‘ladi. Bu amalga oshmaydi», - dedi Jonson Stokgolmda ukrainalik hamkasbi Rustem Umerov bilan qo‘shma matbuot anjumanida jurnalistlarga.
«Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ham to‘g‘ri, ham aqlli ish va bu o‘z xavfsizligimizga qo‘yilgan sarmoyadir, chunki (Ukrainaning) xavfsizligi ham bizning xavfsizligimiz», - dedi u.