Bugun 20 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Shukr nima?

A A A
Shukr nima?

Allohning do‘stlari Uning son-sanoqsiz ne’matlari uchun qancha shukr qilsalar, shuncha ozligini his etib, barcha hollarida shukrni ziyoda qilish harakatida bo‘lishgan.

Zero, shukr erishilgan ne’matlar uchun ularni ehson qilgan Robbga so‘z, fe’l va xatti-harakatlari bilan xolisona bandalik qilishdir. Janobi Haqning cheksiz ne’matlari uchun Unga qancha shukrona keltirsak ham qarzimizni mukammal ado etolmaymiz. Valiyullohlardan biri bir talabasiga quyidagicha maktub yozgan ekan: «...Bir nafasda ikkita ne’mat bor (birinchisi – nafas olish, ikkinchisi – nafas chiqarish). Shuning uchun har bir nafas uchun ikkita shukr lozim bo‘ladi. Har soatda ming marta  nafas olsang va har nafas uchun ikki marta shukr qilsang, yigirma to‘rt soatda qirq sakkiz ming marta shukr qilishing kerak bo‘ladi. Agar bir kishi hamma ishini tashlab, «shukr, shukr» deb, Alloh taologa davomli hamd va shukrda bo‘lsa ham, uni to‘liq ado eta olmaydi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, banda Alloh taologa shukrning mingdan birini ham ado etolmaydi».

Bandaning shukr borasida mana shu mutlaq ojizligining dalili quyidagi rivoyatda keltiriladi:.

Muso alayhissalom Allohga: «Ey Robbim! Senga shukr qilishimning o‘zi Sen bergan yana bir o‘zgacha ne’matki, u ham bir shukrni taqozo qiladi. (Shunday ekan, Senga qanday qilib haqqi bilan shukr qila olaman?)», dedilar. Alloh taolo bunday marhamat qildi: «Har bir ne’matning Mendan ekanini bilgan vaqting Men ham shu bilganingni shukr sifatida qabul qilaman» («Ihyou ulumid-din»).

Shukr keltirish insoniylik oynasidir. Insonlarga tashakkur bildirish axloqiy masala ekanidan tashqari, majozdan haqiqatga o‘tishga odatlantirish hamdir. Chunki Xoliqni unutmaslik sharti bilan insonlarga bildirilgan tashakkur, albatta, Xoliq – Allohga olib boradi. Shukr ahlidan bo‘lgan bir banda uchun faqatgina ne’matlarning qadrini bilish kifoya qilmaydi. Shukr – ne’matlarning haqiqiy egasini tanish va Unga qullikdan iboratdir. Ya’ni ne’matlar tafakkurni rivojlantirib, qulni Robbiga jalb qilishi, bu bilan qalblar ham muhabbat va ma’rifatulloh istiqomatiga kelishi kerak. Agar bizga bebaho hadya yuborgan saxovatli kishini esdan chiqarib, faqat hadyani keltirgan kishiga tashakkur bildirishimiz qanchalik nohaqlik va xato bo‘lsa, ne’matlarni bizga yetkazgan sabablarga bog‘lanib, rizqqa e’tibor qaratgan holda haqiqiy musabbib – Razzoqni esdan chiqarish ham shunchalik pastkashlik, ne’matga nisbatan suiiste’mol sanaladi. Ne’matlarning haqiqiy sohibi – Alloh taoloni unutishdek katta xato va ziyonni tasavvur qilish qiyin.

Shukrning qismlari: Maqbul shukr faqatgina so‘z bilan ifoda qilinmaydi. Haqiqiy shukr bir-biriga bog‘liq uchta narsadan tashkil topadi. Bular: ilm, hol va amal. Ilm – barcha ne’matlarni Haqdan kelganini bilish;. Hol – ne’matlarning haqiqiy sohibiga nisbatan ta’zim, hurmat va muhabbatli bo‘lish;. Amal – mazkur tuyg‘ularga ko‘ra yashab, shukrni so‘z va fe’l (amal) bilan bajarish, ne’matlarni Haqning rizosi yo‘lida foydalanib, Unga isyon qilishdan saqlanishdir. Sirri Saqotiy hazratlari Junayd Bag‘dodiyni yetti yoshida hajga olib boradilar. Harami sharifdagi suhbatlar asnosida shukr mavzusida bahs bo‘lib o‘tadi. Oriflardan biri fikrini bayon etgach, Sirri Saqotiy Junaydga yuzlanib, uning ham fikrini so‘raydilar. Shunda Junayd biroz o‘ylanib, bunday javob beradi: «Shukr – Alloh taolo lutf etgan ne’matlar bilan Unga osiy bo‘lmaslik va o‘sha ne’matlarni ma’siyatga sarmoya qilmaslikdir». Demak, Alloh bergan, lutf etgan ne’matlarni U rozi bo‘ladigan holatda ishlatish ham shukrni mukammal qiladigan xususiyatlardan biri ekan. Ya’ni til bilan shukr qilish yetarli emas. Uni solih amal, harom hamda shubhali narsalardan saqlanish bilan ham isbotlash kerak.

Bishr Xofiy shukr haqida: «A’zolaridan faqat tili bilan shukr qilgan kishining shukri noqis bo‘ladi. Chunki ko‘zning shukri biror yaxshilik ko‘rganda unga qarash, yomonlikni ko‘rganda, yumish. Quloqning shukri yaxshilikni eshitganda yodlab olish, yomonlikni esa unutish. Qo‘llarning shukri ular bilan haqqi bo‘lgan narsalardan boshqa narsani ushlamaslik. Me’da (qorin)ning shukri halol narsalar bilan oziqlanish. Aql va qalbning shukri ilm va hilm bilan ziynatlanish. Oyoqlarning shukri esa yaxshilikdan boshqa yo‘lda yurmaslik. Kim mana shularni bajarsa, haqiqiy shukr qiluvchilardan bo‘ladi», deydi. Endi biroz tafakkur qilib ko‘raylik, biz bu ko‘zlar bilan ilohiy qudratni tomosha qilib, qanchalik shukr qila oldik? Shahvoniy va nafsoniy manzaralarni tomosha qilib, qanchalik gunohkor bo‘ldik? Quloqlarimiz vahiy, sunnat, haq va yaxshilikka quloq soldimi? Yoki behuda, ma’nosiz narsalarni eshitib, bu ne’matni zoye qildikmi? Tanamizning quvvatini qayerga yoki nimaga ishlatdik? Uni yaxshiliklar uchun sarf qildikmi yoki u bilan harom va makruhlarga mubtalo bo‘ldikmi? Shu savollar oxiratda dunyo hayotidagi qilgan amallarimiz bilan yuzma-yuz kelishimizni unutmaslikni taqozo etadi.

Dinning yarmi... Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Iymon ikki qismdir: yarmi sabrda, yarmi esa shukrda», deb marhamat qilganlar (Bayhaqiy rivoyati).

Sabr – barcha sharoitlarda muvozanatni saqlash, boshga tushgan musibatlarga shikoyat qilmay, bardosh bilan, nafsning qullik vazifalarini ado etish va haromdan saqlanishga majburlashdir. Shukr esa Alloh taoloning beadad lutf va ehsonlariga nisbatan Unga minnatdorlik ifodasi sifatida qullikni e’tirof etgan holda Unga yo‘nalishdir. Ne’matlarning haqiqiy egasi Allohga shukr qilishning ziddi – kufr barcha ne’matlar Allohdan degan haqiqatni yashirishdir. Ya’ni shukroni ne’matning ziddi kufroni ne’mat bo‘lib, u abadiy xusron – zararga olib boradi. Shayton insonni yo‘ldan urib, olib boradigan so‘nggi natija iymonsizlik, ya’ni kufrdir.

Demak, doim Allohga shukr qiluvchi holida bo‘lish, barcha ne’matlar Uning lutfi va ehsoni ekanini e’tirof etish, bu ne’matlarning qadrini bilib, ularni yaxshilikka ishlatish Allohni rozi qilib, shaytonni g‘azablantiradigan amallarining ko‘rinishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qib, ikki oyoqlari shishib, yig‘idan kiyim va joynamozlari ho‘l bo‘lib ketardi. U zotga: «Sizning avvalgiyu oxirgi gunohingiz mag‘firat etilgan bo‘lsa ham shunchalik takalluf qilasizmi?», deb so‘raganlarga: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?», der edilar (Termiziy rivoyati).

Shukrning nihoyasi yo‘q. Allohning suyukli bandalari bo‘lgan payg‘ambar alayhimussalomlar va Uning do‘stlari ham cheksiz darajadagi yuksak fazilatlarga ega ekanliklariga qaramay, doim haqqi bilan shukr etolmaslik xavotirida yashashgan.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:16 01.10.2019. O'qildi: 5595 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!