Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyalik oilalar yosh o‘g‘illarini Rossiya frontiga yubormaslik uchun o‘rtacha oylik maoshdan 100 barobar ko‘proq pul to‘lab, soxta sil tashxisini olmoqda.
AQSh va Janubiy Koreya taxminlariga ko‘ra, Kim Chen In rejimi Rossiyaga 12 minggacha askar yuborgan. Ular Kurskdagi janglarga qo‘shilib, avgust oyida chegarada rus kuchlarini kutilmaganda g‘aflatda qoldirgan Ukraina qarshi hujumini qaytarishga yordam bermoqda.
"Ozod Osiyo" radiosining Shimoliy Koreyadagi manbalariga ko‘ra, shifoxona xodimlariga soxta sil kasalligi guvohnomasi uchun pora berish narxi o‘tgan yilgi 100 dollardan besh baravar oshgan. Bunga sabab, ko‘proq oilalar o‘z yigitlarini Rossiyaga yuborilishidan saqlab qolishga urinmoqda.
Bu, Shimoliy Koreyada davlat xodimining o‘rtacha oylik maoshi 5000-10000 von (1-3 dollar) atrofida ekanligini hisobga olsak, juda katta summa hisoblanadi. Garchi ko‘p oilalar o‘z daromadlarini mamlakatdagi keng tarqalgan noqonuniy iqtisodiyot orqali to‘ldirishsa-da.
Ryanggang viloyatidagi bir ayol nashrga o‘z xavfsizligi uchun ismini oshkor qilmaslik sharti bilan shunday dedi: "Agar o‘g‘illari harbiy xizmatga kirib, Rossiyaga yuborilsa, ota-onalar ularni qayta tirik ko‘rmasliklaridan qo‘rqishmoqda".