Rossiyada shaurma narxi keskin oshib, o‘rtacha 374 rublga yetdi — bu bir yil oldingi 269 rublga nisbatan qariyb 40 foizlik o‘sishni anglatadi.
Bu haqda Quick Resto restoran avtomatlashtirish platformasi ma’lumotlariga tayanib, «Gazeta.ru» xabar berdi. Tadqiqotda turli formatdagi umumiy ovqatlanish joylari, jumladan, kichik ko‘cha palatkalari va klassik taom taklif etuvchi kafelar qamrab olingan.
105 rubllik narx oshishi so‘nggi uch yilda qayd etilgan eng yuqori ko‘tarilish bo‘ldi. Bu holatga asosiy sabablar sifatida masalliqlar narxining oshishi, logistika xarajatlari, ijara narxlari o‘sishi va ovqatlanish sohasida ish haqining indeksasiyasi keltirilmoqda. Shunga qaramay, mahsulotga talab ham o‘sishda davom etmoqda: so‘nggi bir yilda shaurma sotuvi 28 foizga ko‘paydi, savdo nuqtalari soni esa 38 foizga oshdi.
2024 yil yozida «Roskachestvo» federasiyasi hamda Restoratorlar va mehmonxonachilar uyushmasi bilan hamkorlikda shaurma va shaverma uchun milliy standart ishlab chiqish boshlangan. Yangi GOST 2025 yilda kuchga kirishi kutilayapti va unda ingrediyentlar, tayyorlash, saqlash va tashish qoidalari, shuningdek, mahsulotning radiasiya va toksiklik me’yorlari ham belgilanadi.
Rossiyada umumiy oziq-ovqat inflyasiyasi ham yuqori sur’atda o‘smoqda. Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 11,05 foizni tashkil etib, so‘nggi to‘qqiz yildagi eng yuqori darajaga yetdi. Ayniqsa, sabzavot narxlari rekord darajada oshib ketdi: masalan, kartoshka narxi bir yil ichida 173 foizga ko‘tarilib, 1 kg uchun 84,7 rublni tashkil qilmoqda. Piyoz 87,2 foizga, karam esa 56,8 foizga qimmatlashgan.
O‘tgan yil oktyabrida bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Patrushev oziq-ovqat inflyasiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rishni talab qilgan edi. Rossiya aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, narxlar o‘sishi rasmiy ko‘rsatkichdan uch baravar yuqori, ya’ni taxminan 30 foiz bo‘lgan. Shundan so‘ng hukumat ayrim sabzavotlarga bog‘liq boj to‘lovlarini bekor qildi. Biroq may oyida Patrushev hukumat kech harakat qilganini tan oldi.
Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakatdagi ichki sabzavot zaxiralari deyarli tugagan va hozirgi paytda importga tayanishga majbur bo‘linmoqda. FOM so‘roviga ko‘ra, rossiyaliklarning 45 foizi sabzavot va mevalar narxi, 47 foizi esa go‘sht va parranda mahsulotlarining qimmatlashganini alohida qayd etgan.