Avvalroq bokschi Shahram G‘iyosov instagramdagi sahifasiga ayiq bilan "sparring" tushgani aks etgan video joylagandi. Video ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan, Ekologiya vazirligi esa holatni o‘z nazoratiga olgandi.
Bugun, Shahram G‘iyosov holat yuzasidan Ekologiya vazirligiga tashrif buyurdi. Vazirlikda u bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Unga Vazirlar Mahkamasining "Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni saqlash va turli maqsadlarda foydalanish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish taqiqlangani tushuntirildi. O‘z navbatida Shahram G‘iyosov uzr so‘rab, o‘z xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidladi.
O‘z navbatida unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bokschi bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tegishli tushuntirish xatlari olinib, ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirildi.