Serbiya prezidenti mamlakatdagi namoyishlar fonida 2026 yilda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishini ma’lum qildi — OAV.
Serbiya Milliy Assambleyasi (Parlament) binosi oldida o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zlagan Aleksandr Vuchich namoyishchilarning talablarini inobatga olishini bildirdi.
Shu bilan birga, prezident hukmron koalisiya navbatdan tashqari saylovlarda hal qiluvchi g‘alabaga erishishiga ishonch bildirdi. U yaqinda besh munisipalitetda bo‘lib o‘tgan saylovlarda o‘z partiyasi g‘alaba qozonganini eslatdi. Amaldagi parlamentning vakolat muddati esa 2027 yil dekabr oyida yakunlanishi kerak.
2024 yil 1 noyabr kuni Serbiyaning Novi-Sad shahrida temir yo‘l vokzali binosining kirish qismi ustidagi beton konstruksiyaning qulashi oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan edi. Ko‘plab serbiyaliklar bu falokatni “hukumatdagi korrupsiya oqibati” deb hisoblashadi. Mazkur hodisa mamlakat fuqarolarining g‘azabini keltirib chiqardi va Serbiyani 13 yildan beri boshqarib kelayotgan prezident Aleksandr Vuchich davridagi eng jiddiy siyosiy inqirozga sabab bo‘ldi.