Bugun 4 dekabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Senat: O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda

Senat: O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda

Yod tanqisligi ko‘rsatkichi bolalar va o‘smirlar orasida mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga o‘rtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkichlar «yod tanqisligi pandemiyasi» davom etayotganligini anglatadi.

O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda. Bu haqda shu yil 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida aytildi.

Majlisda «Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonunning yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga oid qismi ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zaruriyati ham yuzaga kelgan.

Ayniqsa, 2023 yilda yod tanqisligi kasalligi har 100 ming aholiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2160,7), Surxondaryo (1883,3), Jizzax (1494,0) Buxoro (1262,2) viloyatlarida mamlakat ko‘rsatkichlariga nisbatan (912,4) baland bo‘lgani tashvishli holdir.

Shu davrda yod tanqisligi ko‘rsatkichi bolalar va o‘smirlar orasida mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga o‘rtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkichlar «yod tanqisligi pandemiyasi» davom etayotganligini anglatadi.

2007 yilda qabul qilingan Qonunda yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Biroq 2024 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda 94 ta osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi korxona mavjud. Ularning bor-yo‘g‘i 24 tasida laboratoriyalar bor, faqatgina 72 tasida dozatorlar o‘rnatilgan. Ammo o‘rnatilgan ayrim dozatorlar mutlaqo talabga javob bermaydi.

2024 yilning 9 oyi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan tekshiruvlar o‘tkazildi.

Natijada tuz ishlab chiqaruvchi korxonalardan olingan 263 ta namunadan 65 tasida (25%), savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalaridan olingan 1110 ta namunaning 347 tasida (31,5%), maktabgacha va maktab ta’limi muassasalaridan olingan 3613 ta namunaning esa 1263 tasida (35%) yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan.

Shu bilan birga o‘rganishlar davomida Sirdaryo viloyatida hech qanday hujjatsiz tuzni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib kelayotgan 4 ta korxona aniqlangan.

Ushbu korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emas. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emas. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlanmoqda. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar ko‘rsatilmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Ayrim hollarda qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan.

Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiiste’mol qilib, aholining sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda.

Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitalarning aniq takliflar aks etgan qo‘shma qarori qabul qilindi.

Kiritildi: 12:51 30.11.2024. O'qildi: 684 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!