Bugun 5 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Senat Raisi Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi

A A A
Senat Raisi Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi


Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi. Videokonferensaloqa formatidagi tadbir Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligining o‘rniga bag‘ishlandi.

Shuningdek, forumda turli mamlakatlar parlamentlari spikerlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida «Betaraflik do‘stlari» guruhi Turkmaniston tashabbusi bilan tuzilgan BMTga a’zo davlatlarning norasmiy birlashmasi hisoblanadi.

Tadbirda Betaraflik do‘stlari guruhi tinchlikni mustahkamlash yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, ayni vaqtda parlament a’zolari qonun chiqaruvchilar sifatida tinchlik yo‘li bilan yechim topish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynayshi ta’kidlab o‘tildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan tahdidlar sharoitida ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash zarurati ortib borayotganini ta’kidladi. Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni har tomonlama ta’minlash va mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish xalqaro miqyosdagi keng ko‘lamli hamkorlikning asosiy vazifalariga aylanib borayotganiga e’tibor qaratdi.

– Biz bugungi uchrashuvimizni parlamentlarning ko‘p tomonlama formatdagi amaliy hamkorligiga qo‘shimcha sifatida hamda ularning mamlakatlarimiz barqarorligi va farovonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan tinchlik va muloqotni mustahkamlash borasidagi eng muhim masalalarni muhokama qilishga jalb etish vositasi sifatida qaraymiz, – deya, qayd etdi Senat Raisi.

Ishtirokchilar parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirish muhimligini qayd etib, bu kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha mutanosib qarorlar shakllantirish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u berdilar.

Tadbir so‘ngida Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari birinchi uchrashuvining tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yakuniy hujjati qabul qilindi.

Kiritildi: 11:51 17.02.2024. O'qildi: 1049 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!