Qonunchilik tizimidagi muammolarni bartaraf etish va hududlar manfaatlarini ifoda etuvchi qonunlarni qabul qilish Senatning asosiy vazifalaridan biriga aylandi.
2020-2024 yillarda 59 yalpi majlis o‘tkazilib, 438 qonun muhokamadan o‘tkazildi. 20 ta qonundagi ayrim normalarning inson huquqlari va hududlar manfaatlariga to‘liq javob bermagani sababli Senat tomonidan rad etildi.
2015-2019 yillarda esa 25 yalpi majlis o‘tkazilgan va ularda 226 qonun muhokama qilingan.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyaga ko‘ra, Senat qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishi qonun ijodkorligi jarayonida muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Bu Senat faoliyatini aholining qonuniy talablarini inobatga olgan holda yanada samarali tashkil etish imkonini berdi.
Mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda 50 dan ortiq qonunlarga to‘liq asoslangan takliflar ishlab chiqildi va hukumatga taqdim etildi.
Senat o‘z faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda tashkil qildi. Yalpi majlislar Internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi. Qo‘mitalarning tadbirlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Bu aholining qonun ijodkorligi faoliyati va muhokama qilinayotgan turli masalalardan xabardor bo‘lish, bu borada kengroq tushunchaga ega bo‘lishiga imkon yaratdi.
Umuman olganda, Senat faoliyati qonun ijodkorligini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xalqaro standartlar talablariga mos ravishda takomillashtirish, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.