Saudiya Arabistoni Energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud qirollikning uranni boyitish va sotishni boshlash rejalarini e’lon qildi. Dushanba kuni Dahrondagi konferensiyada so‘zga chiqib, u bu harakat mineral resurslarni monetizasiya qilish strategiyasining bir qismi ekanini ta’kidladi, deb xabar beradi Reuters.
“Biz uni boyitamiz, sotamiz”, dedi vazir yadroviy reaktorlar uchun yoqilg‘i ishlab chiqarishda foydalaniladigan uran konsentratini nazarda tutib.
Saudiya Arabistoni energetika sektorini diversifikasiya qilish uchun yadro dasturini amalga oshirmoqda, biroq uranni boyitish va yadro qurollari o‘rtasidagi potensial bog‘liqlik haqida savollar tug‘dirdi. Qirollik rasmiylari dastur faqat tinch maqsadda ekanligini ta’kidlamoqda.
Biroq 2018-yilda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, agar Eron shunday qilsa, qirollik yadroviy qurol yaratishga tayyor ekanini aytgan edi. 2020 yilda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri ham xuddi shunday bayonot bilan chiqqan edi.
2024-yil oxirigacha qirollik Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tomonidan yadroviy ob’ektlarni nazorat qilishning amaldagi rejimidan voz kechib, standart himoya choralariga o‘tish niyatida. Hozircha Saudiya Arabistoni dasturi kichik miqdorlar protokoli bilan tartibga solinadi, bu esa mamlakatlarni qattiq tekshiruvlardan ozod qiladi.