Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida, "Bulvar" maydonida chinor daraxtlari kesilgani va mutasaddi tashkilotlar bu holatga befarq ekanligi haqida xabarlar tarqaldi.
Ammo Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi bu haqda 2 sentyabr kuni xabar bergan, unda yaroqsiz holga kelgan va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan chinor daraxtlari kesilishi haqida oldindan ma’lum qilingan.
"Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Samarqand shahar Universitet xiyoboni Oqsaroy ko‘chasidan “Go‘ri Amir” maqbarasiga qarab kirish yo‘lining o‘ng tomonida ekilgan chinor daraxtlarining holatini o‘rganish jarayonida, hududdagi uch tup chinor daraxtlari ko‘p yillar davomida turganligi sababli tashqi ta’sirlar natijasida hozirgi kunda o‘zining mustahkamlik holatini yo‘qotganligi, tanasida g‘ovaklar paydo bo‘lib, yo‘l tomonga 40 darajaga og‘ib qolishi oqibatida insonlar hayoti uchun xavflilik darajasi yuqori bo‘lib qolganligi aniqlandi", deyiladi xabarda.